SUD-HUQUQ SOHASI MASʼULLARINING YoShLAR BILAN UChRAShUVI TAShKIL ETILDI
Respublikamiz hududlarida faoliyat koʻrsatayotgan Adliya boʻlimlarining asosiy vazifalaridan biri qabul qilinayotgan qonunlar, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tumanlar tuzilmalaridagi ijrochilarga yetkazish, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan birgalikda kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirish hisoblanadi. Shu munosabat bilan Amudaryo tumani Adliya boʻlimi tomonidan tumandagi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yangidan qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlarni keng aholi qatlamiga yetkazish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida targʻibot tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Joriy yilning 16-noyabr kuni tumandagi 2-sonli kasb-hunar maktabida yoshlarning huquqiy ongini oshirish, yangidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirish va mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Uchrashuvda Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi Jasur Oʻrozboyev, Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi Qayrulla Atamuradov, tuman Adliya boʻlimi masʼullari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida yoshlarga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Shuningdek, Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi “Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi Jasur Oʻrozboyev yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ularning salbiy oqibatlari, jazo choralari xususida soʻzladi. Shuningdek, har qanday huquqbuzarliklar va jinoiy hatti-harakatlar sodir etganlik uchun yoshidan va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarning tegishli moddalari bilan qonuniy javobgarlikka tortilishi haqida maʼlumotlar berib oʻtdi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi Qayrulla Atamuradov ham bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarning aksariyati, kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning maʼnan yetuk boʻlib kamol topishlari uchun barcha sharoitlar yaratilib berilayotganini taʼkidlab, bunga javoban esa ularning berilayotgan sharoitlardan oqilona foydalanishi va toʻkis bilim olishlari uchun turli xil salbiy illatlarga qarshi immunitetini mustahkamlab, oʻz maqsadlari yoʻlida bardavom ketishlari zarurligini qayd etdi.
Shu bilan birga tadbir davomida masʼullar tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi tushunchasi, turlari, yoshlar orasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va ularning oldini olish yuzasidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar aytib oʻtildi. Voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish uchun yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun sportga va koʻproq kitob oʻqishga jalb qilish, taʼlim muassasalari, mahalla va ota-onalar oʻrtasida doimiy ravishda hamkorlik oʻrnatilishi lozimligi taʼkidlandi.
Tadbir ishtirokchilari sud-huquq-masʼullariga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib batafsil javoblar olishdi.
Jamshid Bekimbetov, tuman Adliya boʻlimi bosh mutaxassisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶