Istiqlol ilhomlari
Vatanim
Yurtim yoʻllarini piyoda kezdim,
Shunda men bir ajib gʻururni sezdim.
Qalbimda quvonch-u sururni sezdim,
Meni maftun etgan goʻzal maskanim.
Amudaryo - Vatan ichra Vatanim!
Bir yonda Xorazm, bir yonda Turkman,
Yoʻllari ravondir, bogʻlari chaman.
Oʻzim faxrlanib shuni aytaman,
Bogʻi Eramdan ham goʻzal chamanim,
Amudaryo - Vatan ichra Vatanim!
Daryo boʻyi - Nazarxonning dalasi,
Unda boʻlmas hech bir ishning chalasi.
Elimiz faxridir Chilpiq qalʼasi,
Gavur va Yompiqlar ajdodim manim,
Amudaryo - Vatan ichra Vatanim!
Jumurtov togʻida boylik togʻlari,
Bunchalar soʻlimdir toʻqayzorlari.
Koʻzni quvontirar bugʻdoyzorlari,
Ekkan har bir urugʻ ungan makonim,
Amudaryo - Vatan ichra Vatanim!
Dunyoga taniqli zoʻr ovozasi,
Kirishda-chiqishda qoʻsh darvozasi.
Yuksalib bormoqda har bir sohasi,
Quvonib oʻtmoqda har dam, har onim,
Amudaryo - Vatan ichra Vatanim!
Har qancha maqtansam ozlik qiladi,
Yurtim jamoliga koʻzdek boʻladi.
Farhodning qishi ham yozdek boʻladi,
Onamdek moʻʼtabar aziz maskanim,
Amudaryo - Vatan ichra Vatanim!
Farhod Avezov.
Vatanda tinchlik
Urushlar yoʻq ona Vatanda,
Osmon tiniq, aslo gʻubor yoʻq.
Baxt ufurar har bir makonda,
El farovon va koʻngillar toʻq.
Dilni oʻydi necha razillik
Va ikkinchi jahon urushi.
Necha yillar ezganda qullik,
Qiyin boʻldi koʻzyosh qurishi.
Poyezd goʻyo ajal elchisi,
Sharqdan Gʻarbga tashidi odam.
Ne bir olim, Vatan kuychisin,
Yuragini yondirdi alam.
Tank ichida yondi yigitlar
Va qabrsiz ketdi qanchasi.
Elim, degan yovqur yigitlar
Qurib qolgan koʻngil gʻunchasi.
Momolarim yigʻlab oʻtdilar,
"Bolam!” - deya nolalar qilib.
Yosh goʻdaklar boʻyga yetdilar,
"Otam!” – deya bagʻrini tilib.
Ana, qarang, Vatan gullaydi,
Istiqloldan ovullar obod.
Erk quyoshi koʻkda porlaydi.
Hurlik kuyin kuylaydi Shahzod.
Shahzod Qurbonboyev.
(Foto - http://fikr.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶