FUQAROLAR HUQUQ VA MANFAATLARI KONSTITUTsIYaMIZ HIMOYaSIDA
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va buning natijasida jamiyatimizda yuz berayotgan oʻzgarishlar har bir insonda oʻzi va oilasining kelajagiga boʻlgan ishonch hissini mustahkamlamoqda.
Fuqarolarimiz davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlardan foydalanibgina qolmasdan, ayrim masalalarda oʻzlari ham islohotlar tashabbuskori boʻlmoqda. Ayniqsa, bu borada axborot texnologiyalarining rivojlanishi, davlat idoralarida ochiqlik va shaffoflik tamoyilining yoʻlga qoʻyilgani fuqarolarimizning Konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarishda keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozimligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Qarorida belgilangan vazifalarni bajarish hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli qarorlar qabul qilish jarayonining shaffofligini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur qaror bilan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron — «E-qaror» tizimi ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq qilindi.
Konstitutsiyamizning 35-moddasiga koʻra har bir shaxsga bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi kafolatlanadi.
Qomusimizda arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqilishi shartligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Mazkur moddaning hayotiy ijrosini taʼminlashda boshqa idora va tashkilotlar singari Amudaryo tuman Adliya boʻlimi ham oʻz hissasini qoʻshmoqda. Jumladan, boʻlimga kelib tushgan murojaatlar asosida 60 dan ortiq fuqarolarning huquq va manfaatlarida sudlarga daʼvo arizalar kiritildi. Qonun ustuvorligini taʼminlash yuzasidan qilingan bu chora-tadbirlar natijasida fuqarolarning koʻpgina Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari taʼminlandi. Masalan, 2 yoshgacha nafaqa pullarini toʻliq olmagan 7 nafar onalarning nafaqa pullari undirib berildi. Sud hal qiluv qarori bilan bir nafar chaqaloqning oʻz vaqtida olmagan tugʻilish guvohnomasini olib berishga erishildi.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Amudaryo tuman boʻlimida oʻtkazilgan oʻrganish davomida fuqaro S.A.ning pensiya miqdori kam miqdorda toʻlab kelinayotgani aniqlanib, qonunbuzilish holati bartaraf qilindi.
Oʻrganishlar davomida shuningdek, fuqarolarni notoʻgʻri tarzda soliqqa tortish hollari, elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzgani uchun belgilangan meʼyordan ortiqcha jarima hisoblash, davlat tomonidan ajratilgan subsidiyalarni oʻz vaqtida toʻlamaslik kabi holatlar ham uchrab, bu yuzasidan mutasaddi idoralarga taqdimnomalar kiritilib, qonunbuzilish holatlariga chek qoʻyildi.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasida davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlashi kerakligi qatʼiy belgilangan.
Fursatdan foydalanib, tuman Adliya boʻlimi xodimlari Konstitutsiyamizning 29 yilligi bayrami bilan barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etib qoladi.
M.Matyusupov,
tuman Adliya boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶