Sud-huquq sohasi masʼullari yoshlar bilan uchrashdi
Yoshlar haftaligi doirasida sud-huquq sohasi masʼullari tomonidan yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarni yoshlarga tanishtirish, yosh avlodni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida tadbirlar tashkil etildi.
21-dekabr kuni 76-sonli maktabda haftalik doirasida yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi Jasur Oʻrazboyev, Fuqarolik ishlar boʻyicha tuman sudi raisi Qayrulla Atamuradov, Yoshlar ishlari Agentligi tuman boʻlimi boshligʻi Jasur Davletov, tuman prokurori yordamchisi Abbaz Niyazimbetov, Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuristkonsulti Jurʼat Avezovlar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda yurtimizda yoshlarning bilim olishlari uchun yaratilgan munosib sharoitlar, shunga yarasha ertamiz egalari doimo oldinga intilishi, bilimga chanqoqlik, mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirishlari lozimligi, kitobga mehr qoʻyishlari, oʻz bilim va maʼnaviyatini oshirib borishlari, yot gʻoyalarga berilmaslik kerakligi haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatda jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi keskin kurashish chora-tadbirlari koʻrilayotgani, insonparvarlik tamoyillari keng tadbiq etilayotgan bir vaziyatda, ayrim yoshlar tomonidan jinoyat hamon sodir etilayotgani taʼkidlab oʻtildi. Bunday holatlarning oldini olishda yoshlarning muammolarini aniqlash va yechimini topish, ular oʻrtasida huquqbuzarlik profilaktikasi, jinoyatchilikni oldini olish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim ahamiyat kasb etishi eʼtirof etildi.
Sud-huquq sohasi masʼullari korruptsiya va poraxoʻrlikdek yomon illatlarning oldini olish uchun avvalo taʼlim sohasiga eʼtiborimizni qaratib, tartib-intizomni kuchaytirish lozimligi haqida ham tushuntirishlar berib oʻtdilar.
Shu kuni Boyovul mahalla fuqarolar yigʻini binosida sayyor sud majlisi ham oʻtkazildi. Sud majlisida Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi Jasur Oʻrazboyev, tuman prokurori yordamchisi Abbaz Niyozimbetov, tuman ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi katta inspektori Ruslan Iskandarovlar ishtirok etishdi.
Sayyor sudda tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi tomonidan 6 nafar mahkumga nisbatan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqildi.
Sud davomida ilgari yolgʻon xabar berish, oʻgʻirlik, qoʻshmachilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kabi jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazoga mahkum etilgan, ayni paytda Probatsiya guruhi nazoratida boʻlgan 5 nafar mahkumning oʻtgan davr mobaynida munosib xulq-atvorda boʻlgani, jazoni oʻtash tartib-qoidalariga amal qilib, sud tomonidan zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajargani maʼlum qilindi. Mehnatga halol munosabatda boʻlgani uchun ushbu mahkumlar oʻtalmagan jazo muddatidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Ammo berilgan imkoniyatdan toʻgʻri foydalanmasdan, tayinlangan jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab yurgan 1 nafar mahkum jazo oʻtashdan boʻyin tovlab kelganligi va nomaʼlum tomonga yashiringani sababli unga nisbatan belgilangan jazo ogʻirroq turdagi, yaʼni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Shundan soʻng, shartli ravishda ozod etilgan shaxslarga oʻtalmasdan qolgan jazo muddati davomida tuman ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi nazorati ostida turishlari, har oyda bir marta Probatsiya guruhi suhbatidan oʻtishi, qayta jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etmaslik, jamiyatda yurish-turish qoidalariga toʻliq amal qilishlari yuzasidan profilaktik tushuntirishlar berib oʻtildi.
Probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslar nazorat davri mobaynida oʻzini yaxshi xulq-atvori, mehnatga halol munosabati orqali koʻrsatsa, sudda hamisha ularning haq-huquqi himoya qilinadi va adolatli hukm chiqariladi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶