“OMAD ShOU”DA OMADI KELGAN OTAXONGA “DAMAS” AVTOMAShINASI TOPShIRILDI
Oʻzbekiston deya atalmish ushbu tabarruk zaminda ajdodlarimiz bir-biriga mehr-oqibatli, gʻamxoʻr boʻlib umrguzaronlik qilib kelishgan. Hozirgi kunda ham yaqin qoʻshnichilik, bir-birovni yoʻqlab turish, quvonchlarini birga baham koʻrishdek boqiy qadriyatlar hayotimizga fayz, maʼno-mazmun baxsh etmoqda.
Yurtdoshlarimiz Yangi 2022-yilni kutishga ulkan tadoriklar koʻrayotgan bayram arafasi kunlarining biri Mangʻit shahrining Yangiobod mahallasida istiqomat qiluvchi Soatboy Otajonov xonadoni quvonchli voqea sabab doʻst-birodarlar yaqinlar bilan gavjum boʻldi. Boisi, xonadon sohibi Soatboy aka Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Mening yurtim” telekanali efirga uzatilayotgan “Omad shou” oʻyinida ishtirok etib, “Damas” avtomashinasini yutib oldi.
Oʻyinni tomosha qilgan yaqinlar Soatboy Otajonovni uyiga qaytganida quvonib qarshi olishdi va yutuq bilan qutlashdi.
Soatboy Otajonov ham, ayoli Toʻxtajon opa ham oʻgʻil-qizlarini uyli-joyli qilib, nevaralar qiziqlarini koʻrib oʻtirgan elda aziz insonlar. Soatboy ota Yangiobod koʻchasi koʻchaboshchisi. Otaxon oʻzi masʼul boʻlgan hudud xonadonlar tinch-osoyishtaligi, oilalar mustahkamligi, shu oilalarda voyaga yetayotgan yosh avlod kamolining chinakam fidoyisi. Toʻy-maʼrakalarni ortiqcha chiqimlarsiz, isrofgarchiliklarsiz oʻtkazish uchun jon kuydiradi, meʼyorda oʻtkazishga bosh-qosh boʻladi. Shundanmi, mahallada obroʻ-eʼtibori baland. Farzandi, kelini ham kasbli, odobli.
Shu boisdan xushxabardan quvonganlar ham, qutlaganlar ham koʻp boʻldi. Shu yil 6-yanvar kuni otaxonning uyida haqiqiy bayram boʻldi: “Damas” avtomashinasi teleoʻyin qoidasiga koʻra, tantanali ravishda gʻolibning uyiga kelgan holda topshirildi.
Yutuq-mashinani “Omad shou” teleoʻyini ijodkorlarining hovlisi oldiga haydab kelishini qoʻni-qoʻshnilar, qarindoshlar, doʻst-birodarlar quvonch bilan qarshi oldilar. Mashina kalitining yutuq egasiga topshirilishi qarsaklar bilan olqishlandi.
Bayram shukuhi soʻnmagan kunlarning birida oilasini shodliklarga belagan yutuq mashina kalitini qoʻliga olgan Soatboy Otajonov teleoʻyin tashkilotchilariga, quvonchiga sherik boʻlish uchun xonadoniga tashrif buyurgan qarindoshlari, mahalladoshlari va doʻst-birodarlariga chuqur minnatdorchilik bildirdi, barchaga ham shunday yutuqlar nasib etishini tiladi.
U anchadan beri ushbu teleoʻyinda ishtirok etish huquqini beruvchi mahsulotlarni avvalo sifatliligi uchun nevaralariga xarid qilar, stekerini teleoʻyinga ham SMS tarzida joʻnatib turar edi.
Otaxonning nevaralariga atab olgan shirinliklari evaziga ana shunday yutuqqa sazovor boʻlgani havas qilsa, arziydi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶