PROKUROR VA YoShLAR UChRAShUVI DAVOM ETMOQDA
27-yanvar kuni Amudaryo tumanining Yangiobod mahallasi hududidagi 40-sonli maktabda prokuror va yoshlar uchrashuvi tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda tuman prokurori Javlonbek Muftullayev, tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov, Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisi Sardor Ismoilov hamda Yangiobod, Doʻstlik mahallalarida istiqomat qiluvchi 35 nafar faol yoshlar qatnashishdi.
Sayyor qabul tarzida oʻtkazilgan mazkur uchrashuvdan koʻzlangan maqsad, yoshlarning huquqiy salohiyatini yanada oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, muammolarini tinglash va ijobiy hal etilishiga koʻmaklashishdan iboratdir.
Uchrashuvda Javlonbek Muftullayev yoshlarga qarata murojaat qilar ekan, mamlakatimizda yoshlarning yuksak marralarni egallashlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, cheksiz imkoniyatlar mavjudligi haqida toʻxtalib, yoshlarni oʻqib bilim olishga, shijoat bilan olgʻa intilishga chorladi. Hamda suhbat davomida yoshlarning prokuratura organlari faoliyatiga doir qiziqtirgan savollariga misollar bilan javob qaytardi.
Erkin muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda yosh avlod vakillari tuman prokuroriga oʻz rejalari, maqsad va intilishlarini bayon etishdi. Oʻz navbatida tuman prokurori bugungi kunda yoshlarning yanada faol boʻlishiga va kelgusida mamlakat ravnaqiga munosib hissa qoʻshishlari uchun hayotiy tajribsidan kelib chiqib, oʻz taklif va maslahatlarini berdi.
Tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov esa bugungi kunda yoshlarni qiynayotgan muammo va kamchiliklar bilan murojaat qilishlarida hech qanday toʻsiqlar yoʻqligini, qabul qilingan murojaatlar albatta, ijobiy natijalar berishini aytib oʻtdi.
Faol yoshlardan Mansurbek Allamberganov yuqoridagi soʻzlarning tasdigʻi sifatida Oliy oʻquv yurtida taʼlim olishi uchun kontrakt pulining 30 foizini qoplab berishda amaliy yordam berganligi uchun tuman prokuroriga minnaddorlik bildirdi.
Shundan soʻng yoshlardan kelib tushgan murojaatlar tinglandi. Murojaatlar mazmuni asosan imtiyozli kredit olish, bandlik, yer ajratilishi masalalarida boʻldi.
Bundan tashqari, Oliy taʼlim muassasasida taʼlim oluvchi faol yoshlardan biri Xursand Ortiqboyevning “Yoshlar kelajagi” telegram - boti ishlab chiqilishi boʻyicha bildirgan taklifi qabul qilindi. Hamda tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlardan biri, Daston Muradovga “ye-auksion” orqali yer olish tartibi boʻyicha tushinchalar berib oʻtildi.
Uchrashuv davomida yoshlardan 6 ta murojaat va takliflar kelib tushdi. Qabul qilingan murojaatlar ijrosi tez orada hal qilinish maʼlum etildi. Uchrashuv soʻngida tuman prokurori yoshlarga kelajakdagi ishlariga omad tilab, tuman prokuraturasi doimo yoshlar bilan birga ekanligi, idora eshiklari yoshlar uchun hamisha ochiq ekanligini taʼkidladi.
F.Eshimbetova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶