Tinchlikning qadri ulugʻ
Mahalla kichik bir davlatga oʻxshaydi mening nazarimda. Uning ham oʻz chegaralari, oʻziga yarasha yillar davomida shakllangan urf-odatlari, yozilmagan qonun-qoidalari bor. Lekin mahalladoshning dard-u tashvishlari, quvonchlariga sherik boʻlib, kezi kelganda yiqilganlarni qoʻlidan ushlab turgʻizish, shu moʻʼjazgina hududning ogʻir yukini yelkaga ortmoqlab ishlash ham oson emas. Faqat oʻzbek xalqigagina xos boʻlgan bu tuzilma shuning uchun ham noyobdir. Yurtimizning tinchligi, avvalo, mahalla, keyin esa oilalar tinchligiga koʻp jihatdan bogʻliq. Shu bois, mahalla raisi va xodimlari zimmasiga juda katta masʼuliyat yuklangan.
Mahalla raisi boʻlish oson ish emas. Chunki hayot hech qachon bir maromda turmaydi. Har bir kun, har bir lahzada biror yangilik, biror hodisa yuz beradi. Mahalla hayoti bilan, uning quvonch-u tashvishlari bilan yashab, doim hammadan bir qadam oldinda yurmagan mahalla raisi hech qachon obroʻ-eʼtibor, hurmat qozonmaydi. Odamlar unga ergashishi, quloq solishi uchun ham katta bilim, tajriba, shu bilan birga shaxsiy ibrat ham juda zarur.
Men oʻzim Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining farzandi boʻlganim, otamdan urush xotiralarini koʻp eshitganim uchun ham tinchlikning qadri qanchalik baland ekanini juda yaxshi tushunaman. Otamning bolaligi ocharchilik yillariga, yoshlik davri urushga, oʻrta yoshlik davri esa urushdan keyingi tiklanish yillariga toʻgʻri kelgan ekan. Biz turmushning arzimas qiyinchiliklaridan sal nolisak otam: “sizlar baxtli insonsizlar, sal harakat qilsangiz, daromad topasiz, bozorlarda istagan narsangiz muhayyo. Qanday yaxshi, dorilomon kunlarda yashayapsizlar. Biz koʻrgan qora kunlarni hech qachon koʻrmang. Biz bir parcha non topsak, koʻzimizga surib, suvga botirib yeganmiz. Tinchlikning qadriga yeting, bolalarim, tinchlikni yoʻqotsak – uni topish juda mushkul”, der edilar. Yillar oʻtib, yoshim ulgʻaygan sayin bu soʻzlarning qadrini teran anglab yetdim.
Bugun oʻzim ham odamlar bilan muloqot qilganimda doim shu soʻzni takrorlayman. Soʻnggi kunlarda qoʻshni Qozogʻiston davlatida boʻlib oʻtgan talotoʻplar shu davlatning iqtisodiga qanchalik katta talofat keltirganini, qancha qurbonlar berilganini oʻz koʻzimiz bilan koʻrib turibmiz. Endi uni tiklashga qancha mablagʻ, qancha vaqt ketishini tasavvur qilish qiyin emas. Vaholanki, shuncha mablagʻ yurt ravnaqi uchun, uning obodligi uchun sarflanganda qanchalar yaxshi boʻlar edi. Doim ichimda shu soʻzlarni takrorlayman:
– Yurtimizga koʻz tegmasin, tinchligimiz abadiy boʻlsin!
Zebogul Rajabova, «Yangiobod» MFY raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶