GRANT LOYIHASI DOIRASIDA SOGʻLOM TURMUSh TARZINI TARGʻIB QILISh BOʻYIChA DAVRA SUHBATI OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Chunki bugungi kunda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, bu sohada fuqarolarning tibbiy madaniyatini yuksaltirish masalasi nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo jamoatchiligini oʻylantirmoqda.
“Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati ham Oliy majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va boshqa institutlarni qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan tanlovda sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga qaratilgan “Sogʻlom turmush tarzi – farovon hayot asosi” deb nomlangan loyihasi bilan ishtirok etib gʻolib boʻldi.
Ayni paytda Fond tomonidan moliyalashtirilgan ushbu loyiha doirasida turli tadbirlar tashkil etilib, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga, tibbiy madaniyatni oshirishga doir mavzulardagi, oʻtkazilgan tadbirlar haqidagi maqolalar berib borilmoqda.
1-fevral kuni Amudaryo muhandislik texnikumida loyiha doirasida “Yoshlarda sogʻlom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirda “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi masʼul kotibi Ozoda Xudoyberganova, tuman Sanitariya-osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimining Epidemiologiya boʻlimi mudiri, epidemiolog-shifokor Gulshod Tajiboyeva hamda texnikum pedagoglari, yoshlar, tumandagi boshqa ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.
Davra suhbati davomida “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi masʼul kotibi Ozoda Xudoyberganova grant loyihasi doirasida oʻtkazilayotgan turli tadbirlar, mazkur tadbirlarning aholi oʻrtasida salomatlikni asrashga boʻlgan eʼtiborni orttirishdagi ahamiyati xususida soʻz yuritdi.
Taʼkidlanganidek, insonlarning hayot tarzi, ularning sanitariyaga doir bilimdonligi, bu bilimlarni kundalik turmushda qoʻllay olishlari va unga qatʼiyan rioya qilishlari, oʻz organizmlari va badanlariga boʻlgan ongli munosabatlari, oʻz salomatliklariga boʻlgan munosabatlari sogʻliqni saqlashdagi eng muhim sharoitlar hisoblanadi. Ana shu elementlar salomatlikni, jismoniy va ruhiy faollikni, uzoq umr koʻrish, umrni uzaytiruvchi omillar hisoblanadi.
Shundan soʻng, tuman Sanitariya-osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimining Epidemiologiya boʻlimi mudiri, epidemiolog-shifokor Gulshod Tajiboyeva soʻzga chiqib, har bir insonning salomatligi birinchi navbatda uning hayot tarziga bogʻliqligini aytib, yuqumli kasalliklar, ulardan himoyalanish usullari haqida tushunchalar berib oʻtdi. Shuningdek, sogʻlom turmush tarzining asosida atrof-muhitda bor boʻlgan barcha omillarning organizmga taʼsir etishi mumkinligi hakidagi maʼlumotlarga ega boʻlish va ana shu omillardan oʻzining salomatligi uchun foyda keltiradigan tomonlaridan samarali foydalana olishi muhim ahamiyatga egaligini alohida eʼtirof etdi.
Undan tashqari, mutaxassis hozirgi kundagi pandemiya va undan himoyalanish maqsadida qoʻllanilayotgan vaktsinatsiyaning ahamiyati, afzalliklari haqida batafsil tushunchalar berib oʻtdi.
Qizgʻin bahs-munozara, ochiq muloqot tarzida oʻtgan tadbirda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga soha mutxassisidan qoniqarli javoblar olishdi.
Muyassar Xalillayeva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶