DIYDOR KOʻRIShMAGAN IKKI BUYuK QALB
Alisher Navoiy oʻzigacha yashab oʻtgan ulugʻ shoirlar ‒ Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviylarning «Xamsa» asariga javob tariqasida oʻzining turkiy tildagi «Xamsa»sining birinchi dostonini yozgan yili olis Movarounnahrda, Fargʻona vodiysida yana bir buyuk shoir — Zahiriddin Muhammad Bobur tugʻildi. Bobur Mirzo qonida shohlarga xos mardlik va shijoat bor edi, biroq unga shoirona qalb ham ato etilgandi.
Hukmdor boʻlmish otasi Umarshayx Mirzoning bevaqt vafoti tufayli unga erta bilan taxtga oʻtirishga, oʻz beqaror zamonining hokimiyat talashib, mamlakatni inqiroz va tanglikka olib kelgan temuriy shahzodalari orasida saltanat yuritishiga toʻgʻri kelgan edi. Siyosat maydoniga chiqib, ichki kurashlar avj olgan vaqtda Samarqandni ikkinchi bor qoʻlga kiritadi. Shunda unga Navoiydan maktub keladi. Buni Bobur oʻzining «Boburnoma» asarida shunday yozadi: «Ushbu ikkinchi navbat Samarqandni olganimizda Alisherbek tirik edi. Bir navbat menga maktubi ham kelgan edi. Men ham bir maktub yuborib edim: orqasida turkiy bayt aytib, bitib yuborib edim».
Balki Alisher Navoiy yosh Bobur timsolida elni tinch va osoyishta zamonga olib chiqishga qodir ezgu bir kuchni koʻrgandir? Chunki oʻzi bu paytga kelib keksaygan, davlat ishlaridan tamoman isteʼfoga chiqqan, «Majolis un-nafois» tazkirasiga Xuroson va movarounnahrlik shoirlar ijodidan sheʼrlar toʻplayotgan edi. Ular maktub orqali diydorlashdilar. Ammo «javob kelguncha gʻavgʻo-toʻpolonlar boʻldi», deya «Boburnoma»da yozgan edi muallif. Chunki Bobur ikkinchi bor Samarqandni Shayboniyxonga topshirishga majbur boʻlgan edi. Bu orada Navoiy hazratlari vafot etadilar.
Oradan koʻp vaqt oʻtmay, Bobur saltanat uchun kurashlarda magʻlublik alamini chekib, Xurosonga ketishga majbur boʻldi. Movarounnahrni qoʻlga kiritgan Shayboniyxon endi Xuroson tomonga yurish qila boshlaydi. Bu paytda Qobulni egallab turgan Boburni Husayn Boyqaroning oʻgʻillari umumiy dushmanga qarshi ittifoqda kurashish uchun Hirotga chaqiradilar. Uni Boyqaroning oʻgʻli Badiuzzamon kutib oladi, Navoiy yashagan uyga joylashtiradi. Bobur bu haqida «Boburnoma»da shunday yozadi: «Ertasi ertalab kelib Bogʻi Navda tushdim. Bogʻi Navda bir kecha boʻldim. Uni munosib koʻrmay, Alisherbekning uylarini tayin qildilar. Hirotdan ketguncha Alisherbekning uylarida edim». Bobur Hirotda oʻtkazgan 20 kun mobaynida Sulton Husayn mirzoning xonaqohidan boshqa hamma joyni, jumladan, «Alisherbekning «Unsiya» atalmish uylarini, «Qudsiya» nomli maqbara va masjidi Jomeʼni, «Xalosiya» va «Ixlosiya» hammomlarini, «Safoiya» va «Shifoiya» atalmish shifoxonalarini» borib koʻrganini yozadi. Yosh Bobur ancha yillar oldin oʻziga xat yozgan, ehtirom ila yodida saqlaydigan kishi yashagan uy, u yashagan joyda turardi, biroq endi uning oʻzi hayotda yoʻq, ammo u barpo etgan bino va imoratlar, bogʻlarda ulugʻ shoir qalbidagi ezgulik va goʻzallik aks etib turar edi.
«Boburnoma»da Alisher Navoiy tilga olingan oʻrinlar koʻp, Bobur bu zot haqida yozar ekan, hurmat va ehtirom bilan yondashadi. Tariximiz sahifalaridan mangu oʻrin egallagan bu ikki buyuk zotning diydor koʻrishmoqliklari nasib etmadi, biroq fano bogʻidagi keksa daraxt bilan yosh niholning orasida esgan nasim qisqa boʻlsa-da, bir-birlarini qalbdan anglab yetganliklari shubhasiz.
Siroj Olimov, 30-sonli maktabning ijodiy-madaniy
masalalar boʻyicha targʻibotchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶