Amudaryoning moʻʼtabar ayoli
Inson borki, baxt sari intiladi, orzu-umidlarining roʻyobi uchun kurashib yashaydi. Tumanimizdagi Jumur ovul mahallasida istiqomat qiluvchi faxriy oʻqituvchi Jumagul opa Koshanova ham ana shunday ezgu niyatlar ogʻushida yashab, oʻzining fidoyiligi, el-yurtga qayishuvchanligi, oilaparvarligi bilan mahalladoshlarining hurmat va ehtiromiga sazovor boʻlgan onaxonlardan.
Jumagul opa Koshanova garchi, oddiy dehqon oilasida tugʻilib-oʻsgan boʻlsa-da, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi boʻlgan otasi Reym bobo va onasi Aru onalarning mehr-muhabbati taftida, oʻta intizomli oila muhitida tarbiyalangani uchunmi, ilmga mehr qoʻydi. Oiladagi yetti nafar farzandning uchinchisi boʻlgan Jumagul ham, Reym boboning boshqa barcha farzandlari ham oliy maʼlumotli boʻlishlarida bu xonadondagi milliy-maʼnaviy qadriyatlarning oʻrni muhim ahamiyat kasb etgan boʻlsa ajab emas.
Jumagul Koshanova umumtaʼlim maktabini tugatgach, 1976-1981-yillarda Nizomiy nomidagi TDPIning ona tili va adabiyot fakultetida tahsil oldi. Qozoq millatiga mansub Jumagul Koshanova talabalik yillarida institut faxriga aylangan boʻlsa, oʻqishni tugatib, Amudaryo tumanidagi 48-sonli umumtaʼlim maktabida ilk mehnat faoliyatini boshlagan kunlardanoq “tilga tushdi”. Mehnatsevar, tirishqoq, oʻz mutaxassislik yoʻnalishi boʻyicha chuqur bilimga ega boʻlgan Jumagul Koshanovani 1982-yilda tuman XTB rahbariyati 50-sonli maktabga ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi sifatida ishga yuborishdi. Oradan uch yil oʻtgach, u oʻz pedagogik faoliyatini 45-sonli maktabda davom ettirdi va to pensiyaga chiqquniga qadar, 1985-yildan 2017-yilgacha oʻquvchi-yoshlarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berdi.
Mehnatsevarligi, tashabbuskorligi bilan kasbdoshlari orasida katta obroʻ-eʼtibor qozongan J.Koshanova taʼlim-tarbiya sohasida oʻzi mehnat qilayotgan jamoada qiziquvchan oʻquvchilar bilan yakka tartibda ishlash tajribasini yoʻlga qoʻydi. Natijada uning oʻquvchilari orasida oliy taʼlim dargohlariga oʻqishga kiruvchilar safi yil sayin oshib bordi. Shogirdlarining aksariyati ayni paytda malakali oʻqituvchi, shifokor, muhandis sifatida oʻz sohalarining bilimdonlaridir.
Jumagul Koshanovaning taʼlim-tarbiya sohasidagi fidoyi xizmatlari hukumatimiz va soha vazirligi, tuman hokimligi tomonidan munosib taqdirlandi. 2015-yilda u “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni sohibasi boʻldi. Biri-biridan aqlli, oʻqimishli boʻlgan 4 nafar oʻgʻil-qizning mehribon onasi. Alloh rahmat qilsin, katta qizi Dinora ham ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi edi. Ikkinchi qizi Gulmira 55-sonli maktabda oliy maʼlumotli boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi, oliy maʼlumotli quruvchi-arxitektor oʻgʻli Jamshid “Davr loyiha FA” MChJda bosh muhandis, kenja oʻgʻli Nurlan esa Toshkent Davlat irrigatsiya instituti elektrotexnologiya va elektr jihozlaridan foydalanish kafedrasi doktoranti.
Bugungi kunda umr yoʻldoshi Aliy ogʻa Utegenov bilan ahil-inoqlikda, farzandlar va el-yurt ardogʻida yashayotgan, 10 nafar nevaraning sevimli buvijonisi boʻlgan Jumagul opa Koshanova Jumur ovul mahallasi faoli sifatida ezgu ishlarga bosh-qosh. Ayniqsa, mahallada jinoyatchilikning oldini olish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, uyda oʻtirgan ayol-qizlarning oʻzini-oʻzi band qilishlarini taʼminlash maqsadida zarur maslahat va yoʻl-yoʻriqlar beradi. Ayniqsa, mahalla hududida tomorqa xoʻjaligini rivojlantirish, yosh oilalarni mustahkamlash, oilaviy nizolarning oldini olish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, toʻy-marosimlarni ixcham va tartibli oʻtkazish borasida mahalladoshlariga eng yaqin maslahatgoʻy. Natijada opaning aralashuvi bilan koʻplab oilalarning ajrashishiga chek qoʻyilib, yarashtirildi. Milliy urf-odat va anʼanalarni qadrlash, mahalla hududini toza va obod goʻshaga aylantirish, har bir koʻcha va xonadonni yashil bogʻ-rogʻga burkash maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil yillik” umummilliy loyihasini targʻib qilishda opa nafaqat tashviqotchi, balki eng faol tashabbuskor ham.
Oʻzining yoshlik davrini, bilim va tajribasini yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga, el-yurt farovonligi yoʻlidagi ezgu ishlarga bagʻishlab, har bir qilgan ezgu amalidan mahalladoshlariga, xalqiga manfaat yetkazib yashayotgan onaxonga mustahkam sogʻlik, uzoq umr, yanada tarovatli hayot tilaymiz.
Bayram arafasida Jumagul Koshanova "Moʻʼtabar ayol" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Uning xonadoni bayram bilan, mukofot bilan tabriklab keluvchi mehmonlarga toʻldi.
Bahor va yashnash-yasharish, nafosat ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak boʻlsin, Jumur ovulning fidoyi onaxoni!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶