Harbiy xizmatchilar yoshlar bilan uchrashdi
Mamlakatimizda yoshlarni yot gʻoyalar va tahdidlardan himoya qilish, oʻz mustaqil fikriga ega, irodali insonlar qilib tarbiyalash bugungi kunda eng asosiy vazifalardan sanaladi. Buning uchun har bir oʻgʻil-qiz koʻnglida Vatanga, oʻz oilasiga muhabbat, yurt uchun fidoyilik tuygʻularini qaror toptirish, yurtimizdagi tinch-osudalikni, baxtiyor va farovon hayotni qadrlashga oʻrgatish juda muhim.
Vatanparvarlik tarbiyasi esa umumiy tarbiyaning bir qismi boʻlib, yoshlarda Vatanni fidokorona himoya qilishga tayyorgarlik va bunga qodir boʻlish salohiyatini shakllantirishga yoʻnaltirilgan. Bunda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida yoshlarni chaqiriqqacha tayyorgarlik fani muhim oʻrin tutadi. Dars mashgʻulotlarida oʻquvchilarda xalqimiz tarixiga va maʼnaviy qadriyatlariga yuksak hurmat tuygʻusini uygʻotish, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini taʼminlashga doimo shay turish tuygʻulari tarbiyalanmoqda. Taʼlim maskanlarida Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan, muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan oʻgʻlonlar bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, yoshlarimizning harbiy xizmat borasida, mamlakatimiz Mudofaa tizimidagi yangiliklar borasida bilimlari boyitilmoqda.
Shu yilning 11-mart kuni Amudaryo tumanining Boʻz solma mahallasida joylashgan 70-sonli maktabda oʻtkazilgan uchrashuv ham shu maqsadga qaratildi. Uchrashuvni maktab direktori Orifjon Oʻtaboyev, yoshlarni chaqiriqqa qadar tayyorlash fani oʻqituvchisi Sherifboy Jumaboyev, mahalla yoshlari yetakchisi Farrux Madrahimovlar tashkillashtirdilar. Unda hududda joylashgan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism xizmatchilari – 1-darajali serjant Otabek Mahmudov, 1-darajali serjant Sirojiddin Erkinov va muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askar Maxsudbek Madaminovlar ishtirok etdilar.
Maktab faollar zalida boʻlib oʻtgan tadbirda harbiy xizmatchilarni oʻquvchilar ochiq chehra bilan qarshi oldilar. Oʻzlarining kitobxonligini namoyish etish uchun oʻqigan kitoblari, sevimli adabiy qahramonlari toʻgʻrisida qisqacha suhbatlashib, sheʼrlar yod aytdilar.
Shundan soʻng oʻquvchi-yoshlarning aql-idroki va salohiyatini sinovdan oʻtkazish uchun “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi. Oʻquvchilar harbiy xizmatchilar savollariga batafsil javoblar berishga harakat qildilar.
Oʻtkazilgan shaxmat-shashka musobaqalari ham taassurotlarga boy boʻldi. Maʼlumki ushbu sport turlari odamdan yuksak tafakkurni, aql-idrokni talab qiladi. Shaxmat-shashka aql gimnastikasi deyilishi ham bejiz emas. Ushbu musobaqaning tashkil etilishi tadbirning yana ham qiziqarli boʻlishini taʼminladi. Maktab hovlisida harbiy qurollarni qismlarga ajratish va yana qayta yigʻish mashgʻulotlari oʻquvchilarning bu borada bilim va koʻnikmalarga ega ekanligini namoyish etdi.

Samimiy suhbatlar chogʻida harbiy xizmat Vatanimizning har bir oʻgʻloni uchun muqaddas burch ekanligi yoshlarga singdirildi.
Oʻquvchi-yoshlar qalbida vatanparvarlik ruhini oshirish maqsadida oʻtkazilgan tadbir barchada ulkan taassurotlar qoldirdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶