SUDLAR XALQNING ENG IShONChLI HIMOYaChISIDIR
Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi tomonidan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyalarida mustahkamlab qoʻyilgan huquq va manfaatlari qonuniy yoʻl bilan himoya qilib kelinmoqda.Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi keng nishonlangan shu kunlarda joylarda oʻtkazilayotgan sayyor qabul va uchrashuvlarda fuqarolarga Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati keng tushuntirilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari tomonidan 2022-yil davomida odil sudlovni amalga oshirish sifatini yanada yaxshilash, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud yoʻli bilan himoya qilinishini toʻlaqonli taʼminlash boʻyicha alohida Harakatlar dasturi tasdiqlangan boʻlib, unga koʻra, tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar yosh tergovchilari ishtirokida har oyda ikki marta sud raisi va xodimlari tomonidan sudlarda amaliyot oʻtash tashkillashtirildi.
Haftaning har payshanbasida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” tadbirlari doirasida aholining huquqiy madaniyatini, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini, jamiyatda tutgan oʻrnini oshirishga qaratilgan muloqotlar tashkil etish, sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarning kelgusida sodir etilishining oldini olish masalalari muhokama qilinib, bu muloqot va muhokama tadbirlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilmoqda.
Bundan tashqari, olis qishloq va mahallalarda yashovchi fuqarolar bilan sayyor qabullar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilning 1-choragida Doʻrman, Xolimbeg, Qilichboy, Boʻz yop, Xitoy, Kuyuk koʻpir ovullari va Tor yop, Chordara mahallalarida oʻtkazilgan sayyor qabullarda, shuningdek, mart oyida Oq oltin, Oʻrta qalʼa, Bobur nomli ovullar hamda Jumurtov shaharchasida tashkil etilgan sayyor qabullarda aholi muammolari joyiga chiqib oʻrganildi. Fuqarolarning ogʻzaki murojaatlari yuzasidan 46 ta ariza va shikoyat qabul qilinib, shundan 27 ta fuqaro bilan sayyor qabul jarayonida oshkora va samimiy muloqot oʻtkazildi.
2022-yilning oʻtgan 3 oyi davomida oylarda “Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish” mavzusida davra suhbatlari oʻtkazilib, ushbu illatning davlat va jamiyatga zarari tushuntirib kelinmoqda.
Joylardagi kriminogen vaziyat tahlilidan kelib chiqqan holda tuman sudi tomonidan huquqiy mavzularda korxona, muassasa, tashkilotlar hamda aholi oʻrtasida ham uchrashuvlar, davra suhbatlari oʻtkazilib, 18-marta huquqiy mavzulardagi maʼruzalar oʻqildi. Ommaviy axborot vositalarida 34 ta, veb-saytlarda 22-marta chiqishlar qilindi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi tomonidan 2022-yilning oʻtgan 3 oyi davomida 20 ish boʻyicha 28 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha ayblov hukmi chiqarilib, 12 ish boʻyicha 13 shaxsga jinoyat ishi taraflar yarashganligi sababli harakatdan tugatilgan, 1 ish boʻyicha 1 shaxsga nisbatan oqlov huqmi chiqarilgan. 28 nafar shaxs sudlanib, shundan 2 nafar shaxsga jarima, 11 shaxsga axloq tuzatish ishlari, 6 shaxsga ozodlikdan mahrum qilish, 5 shaxsga ozodlikni cheklash bilan bogʻliq jazo, 1 shaxsga oqlov hukmi va 3 shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan.
Ushbu davrda 8 nafar shaxsga Jinoyat Kodeksining 45-moddasiga asosan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi, 3 nafar shaxsga yengilroq jazo tayinlandi.
Shunisi eʼtiborliki, 2022-yil 3 oyi davomida jami koʻrib tamomlangan 33 ta jinoyat ishidan 11 tasi sayyor sud majlisida koʻrildi.
Sudyalarning vazifasi faqat jinoyat sodir etgan shaxsni jazolash emas, balki uni qayta tarbiyalash, jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini oʻrganish va uni bartaraf etishdan iborat. Zero, muhtaram Prezidentimiz taʼbiri bilan aytadigan boʻlsak, “Sud binosiga kelgan har bir fuqaro, Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak”. Demak, sudlar shaxsni jazolovchi emas, balki hamisha xalqqa xayrixoh, uning eng yaqin maslahatgoʻyi va ishonchli himoyachisi boʻlishi uchun sobitqadamlik bilan faoliyat yuritish har bir sudyaning zimmasidagi masʼuliyatdir.
J.Urazbayev, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudining raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶