Parvozing yuksak boʻlsin, qaldirgʻochim!
Sizga baxt nima? deb savol berishganmi?... Dunyoga kelish – bu baxt. Koʻzlaring koʻrib turishi, oyoqlaring yurib turishi, yuragingning urib turishi – bu baxt. Oilali boʻlish, oʻgʻil-qiz, nevaralar oʻstirish – bular ham baxt. Ota-onaga mehribon farzand boʻlish, tinch osoyishta Vatanda yashab, halol mehnat qilish – baxt. Oʻhoʻ, baxtni taʼriflashga soʻzlar ojizday...
Yurtimizda yaxshi kunlar, bayram, toʻylar egiz-egiz. Mustaqilligimizning 23-yilligida mening ham qalbimda qoʻshaloq bayram boʻldi. Oʻgʻlimning qizi – nevaram Tursunoy Jiyanboyeva birinchi sinfga ilk qadamini qoʻydi...
"Arna boʻyi” mahallasi hududidagi 27-sonli umumtaʼlim maktabi uzoqdan koʻzga tashlanib turadi. Ikki qavatli maktab binosi atrofi dov-daraxtlar bilan oʻralgan. Oʻquvchi va oʻqituvchilar qalbida bayram shukuhi. Oʻquvchilar va oʻqituvchilar maktab kiyimida. Oʻquvchilar qoʻllarida gul... biram chiroyli koʻrinishadi. Beixtiyor inson qalbida bu ozod Vatanda yashayotganidan gʻurur va shukronalik hissi kechadi.
Birinchi oʻqish kuniga bagʻishlangan kechani ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Amina Toʻrayeva ochdi. Vaqtinchalik maktab direktori vazifasini ado etayotgan Gulmirza Kamolov oʻquvchi va oʻqituvchilarni birinchi oʻqish kuni bilan qutlab, oʻqish va ishlariga omadlar tiladi. Maktabga bu yil birinchi sinfga 65 nafar oʻquvchi qabul qilingan boʻlib, ularning barchasiga Prezidentimiz sovgʻasi – 12 turdagi oʻquv qurollari solingan maktab sumkasi tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda ota-onalar dil soʻzlarini aytishdi. Oʻquvchilar sheʼrlar aytib, raqsga tushishdi.
Nihoyat, birinchi qoʻngʻiroqning nevaram qoʻlida chalinishini koʻrganimda quvonchdan, baxtdan koʻzlarimga sevinch yoshlari keldi... Qaldirgʻochim – ilm maskaniga birinchi qadaming qutlugʻ, parvozing yuksak boʻlsin, deya hayqirgim keldi.
Nevaram sinfxonaga qadam qoʻydi. Bu sinf rahbari Hojibika Bobojonova. 1984-yildan buyon yosh avlodga ilm berishda oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan bu mehri daryo oʻqituvchiningmehnatlarini yurtimiz, hukumatimiz qadrladi. Unga 2013-yilda "Qoraqalpogʻiston xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni berildi.
Nevaramning oilada – sadoqatli umr yoʻldoshi, mehribon ona, suyukli qaynona, ishda – jonkuyar ustoz qoʻlida tarbiya topishidan, ilk bilimlarni olishidan benihoya xursandman.
Maktabning barcha oʻqituvchilariga farzandlarimizga ilm berishdek mashaqqatli va ulugʻ ishlarida muvaffaqiyatlar tilayman.
Gulnora YuSUPOVA.
(Foto - uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶