Yoshlar kuni munosabati bilan “Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tadbirlar oʻtkazildi
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, aqlan yetuk, jismonan sogʻlom, intellektual salohiyatli, maʼnan barkamol qilib voyaga yetkazish, qolaversa, qilgan mehnati va erishgan yutuqlariga yarasha ragʻbatlantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 30-iyun sanasi Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yoshlar kuni” deya eʼlon qilinishi hamda har yili bayram sifatida nishonlanishi ertamiz egalariga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin namunasidir. Bu yil ham bayram munosabati bilan iyun oyi “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilinib, oylik doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida qator tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Amudaryo tumanida ham Respublikamizning barcha hududlarida boʻlgani singari yoshlar kuni har yildagidanda oʻzgacha, koʻtarinki ruhda nishonlandi.
24-iyun kuni butun kun davomida boʻlib oʻtgan sport tadbirlari, uchrashuvlar, intellektual oʻyinlar hamda gala kontsert yuqori saviyada, yoshlarning faol ishtirokida tashkil etildi.
Ertalabki soat 7:30 da start berilgan velomarafonda tumanimizning faol oʻgʻil-qizlari ishtirok etib, Oʻrta qalʼa ovuli hududidagi chorrahadan tuman hokimligi binosigacha boʻlgan 3 km. masofani bosib oʻtib, finish chizigʻiga yetib keldilar.
Velomarafon nihoyasiga yetgach, oʻgʻil va qiz bolalar oʻrtasida yugurish marafoniga start berildi. Ishtirokchilar belgilangan masofaga qisqa muddatda yetib kelib, oʻzlarining epchillik qobiliyatlarini amalda koʻrsatishdi.
Shundan soʻng tuman hokimligi binosi oldida velomarafon hamda yugurish musobaqalarida 1-, 2-, 3- oʻrinlarni qoʻlga kiritgan yoshlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda tuman hokimi oʻrinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi boshligʻi Sardor Ismailov, tuman Sportni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Gʻulom Qurbonboyevlar ishtirok etishdi.
Velomarafon boʻyicha oʻgʻil bolalar oʻrtasida Shahzod Soatboyev birinchi oʻrinni, Sunnat Adamov ikkinchi oʻrinni, Diyorbek Hasanov uchinchi oʻrinni egalladi. Qiz bolalar oʻrtasida esa Mahliyo Matkarimova barcha raqiblarini ortda qoldirib, mutloq gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Marjona Saburova ikkinchi oʻrin, Sohiba Ashirova uchunchi oʻrin sohibalari boʻlishdi.
Yugurish marafonida oʻgʻil bolalar oʻrtasida Diyorbek Shomuradov 1-oʻrinni, Rashid Iskandarov 2-oʻrinni, Rahmon Esbosinov 3-oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Qiz bolalar oʻrtasida esa Dinora Ozodova belgilangan masofani raqiblarini ortda qoldirgan holda birinchi boʻlib bosib oʻtgan boʻlsa, Nodira Qodirova 2-oʻringa, Muhlisa Toʻliboyeva 3-oʻringa munosib koʻrildi. Gʻoliblarning barchasi medal, diplom hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shundan soʻng Yangiobod mahallasi hududida joylashgan sunʼiy qoplamali sport maydonchasida sportning kamondan oʻq otish hamda mini futbol turlari boʻyicha musobaqalarga start berildi.
Mini futbol boʻyicha shiddatli va murosasiz kechgan uchrashuvda Chordara mahallasi yoshlari 1-oʻrinni, Olmazor mahallasi yoshlari ikkinchi oʻrinni, Daryoboʻyi mahallasi yoshlari jamoasi 3-oʻrinni qoʻlga kiritshdi. Gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Yoshlar kunida imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ham uchrashuv oʻtkazildi. Tuman hokimi oʻrinbosari Mahmud Shermetov hamda Nogironlar jamiyati tuman boʻlinmasi masʼullari imkoniyati cheklangan yoshlarga oliy oʻquv yurtlari, oʻrta maxsus maktab-internatlar va texnikumlarga oʻqishga topshirib, hayotda oʻz oʻrnini topish borasida tavsiyalarini berib oʻtdi.
Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman boʻlimi binosi oldida “Vatanparvar – mening tanlovim!” shiori ostida tadbir oʻtkazildi. Tadbirda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona Vatanga mehr-muhabbatini yanada mustahkam qaror toptirishga bagʻishlangan koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Olmazor mahallasi hududida joylashgan 1-sonli Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida start berilgan suzish musobaqasida tumanimizning turli hududlaridan faol yoshlar ishtirok etishdi. Yakuniy natijalarga koʻra, Javohir Otajonov belgilangan muddatda masofaga yetib kelib, mutloq gʻoliblini qoʻlga kiritdi.
Shundan soʻng Doʻstlik mahallasi hududida joylashgan Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi binosida shaxmat boʻyicha “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” turniri boʻlib oʻtdi. Turnirda Jahongir Aminov 1-oʻrinni, Ogʻabek Toʻrayev 2-oʻrinni, Kamola Qadamboyeva 3-oʻrinni egalladi. Gʻoliblar faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan munosib taqdirlandilar.
Shuningdek, tuman Madaniyat markazi binosida “Zakovat” intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi. Unda tumanizning bilimga chanqoq faol yoshlari ishtirok etib mahallasi shaʼnini munosib himoya qildilar. Yakuniy natijalarga koʻra, Olmazor mahallasi yoshlari 1-oʻrinni, Qipchoq ovuli yoshlari jamoasi 2-oʻrinni, 92-02 harbiy qism askarlari 3-oʻrinni egalladilar.
Yoshlar kuni munosabati bilan Mahalla va nuroniylarni qoʻllab quvvatlash boʻlimi binosida ham vazir va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vaziri Sagʻindiq Turmanov, tuman hokimi oʻrinbosari Mahmud Shermetov, tuman Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Gʻulomjon Duysenbayev hamda 30 dan ortiq faol yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuv rasmiyatchilikdan holi, samimiy tarzda boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida vazir barcha yoshlarni bayram bilan tabriklab, yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida toʻxtaldi hamda faol yoshlarga kitoblar sovgʻa qildi.
Shundan soʻng Doʻstlik mahallasi hududida joylashgan 2-sonli Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi stadionida yakuniy gala kontsert dasturi boʻlib oʻtdi.
Kontsert dasturini ochib berish hamda yoshlarni tabriklash uchun badiiy maydonga tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev taklif etildi. Tuman hokimi oʻz soʻzida mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan qulay shart-sharoit hamda imkoniyatlarga toʻxtalib oʻtish barobarida, kelajagimiz egalarini mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuqori marallarni zabt etishga chorladi.
Shundan soʻng, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlovlarning Respublika bosqichida faol ishtirok etib 1-, 2-, 3-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan, ingliz tilini bilish darajasi boʻyicha Xalqaro sertifikatlar sohibi boʻlgan, shuningdek, turli tanlov hamda musobaqalarda yuqori oʻrinlarni egallagan faol yoshlar tuman hokimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vaziri Sagʻindiq Turmanov hamda sektorlar rahbarlari tomonidan taqdirlandi.
Kontsert taniqli xonandalarning kuy-qoʻshiqlari hamda raqs dastalarining goʻzal raqslari bilan davom etdi. Yoshlar ona Vatan, yoshlik, muhabbat va sadoqat haqidagi qoʻshiqlarga raqsga tushib, maroqli hordiq chiqardilar.
Tuman hokimligining axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶