YaNGILANAYoTGAN YuRT ShUKUHI
Bugungi shiddat bilan rivojlanib, yangilanayotgan zamonga mos ravishda yurtimiz ham oʻzgarib chiroy ochib bormoqda. Biz kechagina atak-chechak qilib yurgan, koptok oʻynab changitgan bu tuproq koʻchalarning oʻrnini bugun zamonaviy, yorugʻ va keng koʻchalar egallagan. Tongda uygʻonib, xonangiz derazasidan atrofga qarar ekansiz, qandaydir oʻzgarish, yangilanishlarga koʻzingiz tushadi. Shunda beixtiyor labingizda nim tabassum bilan “Yaratganga shukur, shunday tinch va xotirjam yurtda yashayotganim uchun”, deya xotiringizdan oʻtkazasiz.
Ha, albatta, bularning barchasi tinch va inson zoti ulugʻlanadigan yurtda yashayotganligimizdan dalolatdir. Shu kunlarda vatandoshlarimiz qalbida oʻzgacha shukuh bor. Negaki, biz uchun eng muqaddas sanaladigan Mustaqillik bayramiga ham oz fursatlar qoldi. Mazkur yilgi bayramning shiori ham qadimiy anʼanalardan kelib chiqib, "Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz" deya nomlanishi bejizga emas. Kundan-kunga chiroy ochib borayotgan, yangilanayotgan yurtimizda yashab kelayotgan har bir inson aziz va mukarramdir.
Biz yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham fikrimizning yaqqol dalilidir. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanman, yoshlar uchun eʼlon qilinayotgan tanlovlarni koʻrib, hukumatimiz tomonidan berilayotgan bunday eʼtibordan yanada ruhlanaman.
Mana yaqinda Hindistonda boʻlib oʻtgan Xalqaro shaxmat olimpiadasida hamyurtlarimiz birinchilikni qoʻlga kiritdilar. Buning mukofoti sifatidagi ularning yuqori darajada kutib olingani, “Prezident sovgʻasi” taqdim etilishining oʻzi ham yosh shaxmatchilarimizni yanada ruhlantirgani bor gap.
Bunday rivojlanishlardan tumanimiz ham ortda qolayotgani yoʻq, jumladan, shu yili respublikamizda oʻtkazilgan “Yosh kitobxon oila” tanlovi gʻoliblarining bizning tumanimizdan ekanligi yoshlarimizning yanada olgʻa intilishlariga sabab boʻlayotgan boʻlsa, bizning 36-sonli maktabimizga 180-oʻrinli qoʻshimcha bino qurilishi biz yoshlarga imkoniyatlar kengayayotganiga dalildir. Berilayotgan bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, biz ham shunga mos ravishda yurtimiz istiqboli uchun boʻlayotgan barcha chorlovlarga “labbay” deya javob beramiz!
Muhayyo Karimova,
36-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶