YoShLARGA TAYaNCh BOʻLAYoTGAN YeTAKChI
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligini taʼminlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri sanaladi. Ularning muammolarini tizimli oʻrganish, mahallaning oʻzida bevosita hal etish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish ishlarida yoshlar yetakchilarining faoliyati muhim oʻrin tutadi.
Xolimbeg ovulida istiqomat qilayotgan 7119 nafar aholining 2105 nafarini yoshlar tashkil qiladi. Ovul hududida uchta maktab mavjud. Oʻquvchilarning vaqtini mazmunli tashkil qilishda yoshlar yetakchisi Quvondiq Oʻrazmetov tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport oʻyinlari doimiy ravishda oʻtkazib kelinadi. Quvondiq bu lavozimda shu yilning 21-yanvaridan buyon faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Yoshlar yetakchisiga mahalla yoshlaridan shu kunga qadar 110 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 96 ta murojaat mahallaning oʻzida bevosita hal qilingan. Qolgan qismi koʻrib chiqilishi uchun yuqori masʼul tashkilotlarga yuborilgan.
Mahalla ahli asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanadi. Yoshlarning aksariyati esa boshqa shaharlarda, qurilish sohasida ishlab kelardi. Q.Oʻrazmetov yordami bilan 70 nafar yosh 10-yil muddatga 25 sotixdan ijaraga yer olib, oilasi bagʻrida mehnat qilmoqda. Shuningdek, yana yuzlab yoshlarning mavsumiy bandligi taʼminlangan. Ishning koʻzini bilgan dehqon yoshlar yil davomida moʻl hosil yetishtirib, yaxshi daromadga ega boʻlayotganligidan xursand.
Subsidiya asosida ikki nafar yoshga issiqxona qurib berildi. Ular poliz ekinlari yetishtirish orqali hamyonbop narxlarda ichki bozorlarimizni sifatli kundalik mahsulotlar bilan taʼminlamoqda. Yunus Tursunboyev esa 66 mln. soʻm imtiyozli kredit olib, issiqxona faoliyatini yanada kengaytirdi. U 10-yil muddatga 25 sotix yerni ijara olgan.
– Yoshlarning ota-onasi, oilasi bagʻrida boʻlib, mehnat qilishiga imkoniyat yaratish, koʻmaklashish mening asosiy maqsadim. Muhimi, ular boshqa hududlarda ishlab qiynalishmaydi. Yoshlarning bandligini taʼminlash orqali har xil noxush holatlarning oldini olishimiz mumkin, –deydi Quvondiq Oʻrazmetov.
Mahalla yoshlarining 78 nafari har xil yoʻnalishlarda oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishadi. Yetakchi tavsiyasi bilan 4 nafar kam taʼminlangan oila farzandlariga toʻlov-shartnoma pulining 30 foizi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan toʻlab berildi. Shuningdek, bir nafar yigitning harbiy xizmat shartnoma puli 100 foiz toʻlanishida yordam berildi. Uning saʼy-harakatlari bilan 78 nafar yosh «Yoshlar daftari»dan chiqarildi.
Yetakchi Q.Oʻrazmetov kelgusida mahalla hududida bolalar uchun minifutbol maydonchasi qurilishini maqsad qilgan.
Vatan fidoyi insonlarning mehnati bilangina ravnaq topadi. Yoshlar tayanchiga aylangan Quvondiq Oʻrazmetovning xayrli ishlarida muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Shohzod Qurbonboyev.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶