Yillar zahmatida toblangan onaxon
Ayoqchi mahallasi, butun Qilichboy eli Toʻxta Boltayevani ena, momo deb juda hurmat qilishadi, tez-tez xabar olib, duosini olishga intilishadi. Boisi u bu yil hayotining toʻqson toʻrtinchi bahorini qarshi oldi. Bir umr muallimlik qilib, hudud bolalariga ziyo ulashgan, mulohazali, oqil va tadbirli inson, rahmatlik Bobojon Oʻrozmetov bilan ahil yashab, 9 nafar farzandni elga munosib qilib tarbiyalab, uyli-joyli qilgan. Ularning 7 nafari oliy maʼlumot olib, turli jabhalarda mehnat qilishgan, 100 nafarga yaqin nevara, chevara, evaralarini ham oyoqqa turgʻizishda farzandlariga koʻmakdosh boʻlayotgan tabarruk onaxon.
Enaning oʻsmirligi urushdan oldingi qahatchilik yillariga toʻgʻri kelgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach esa xalqning boshiga tushgan ogʻir kunlar zahmatini yosh boʻlsa-da, kattalar bilan baravar tortgan.
– Oʻsha vaqtlarda biz yashagan hudud “Komsomol” kolxozi deb atalar edi. Yurtning alp oʻgʻlonlari, oilalarning suyanch ustunlari – erkaklar urushga safarbar etilgach, kolxozning dehqonchiligi ayollar va bolalar zimmasiga tushdi, – yuzlari gʻamgin tortib eslaydi momo. – Men ham 12-13 yoshimdan kolxozda ishladim. Kuni boʻyi dalada ishlab, qosh qorayganda uyga kelib, bir burda non yeb, yo bir kosa obi yovgʻon osh ichib, yana ishga, ariq qazish, bugʻdoy yo sholi oʻrimga ketardik. Tongda sal mizgʻib olib, gohi och, gohi qornimiz yarim toʻyib yana ishga chiqardik. U paytlarda kolxoz boshligʻi, brigadirlar bemor boʻlib yotgan odamlarni ham qoʻyday haydab kelib ishga solardi. Kuzda esa hamma hosilni urushdagi askarlarga deb oxirgi qopigacha olib ketishardi.
Oldidagi xontaxtaga yopilgan dasturxonni silagancha onaxon uzoq oʻyga toladi. Ehtimol, hayotidagi oʻsha mashʼum davrlar koʻz oʻngida jonlanayotgandir? Axir el qatori u ham ozmuncha qiyinchiliklarni boshidan kechirmagan-da. Ayniqsa, akalari urushga ketgan davrlarda volidasi Rajabbibi ona, opa-singillarining tortgan uqubatlari, tugʻishganlaridan qora xat kelgan damlardagi ayriliq azoblari bir umr yodidan chiqmaydi.
Oʻshanda 1943-yilning qahraton qish kunlarining biri edi. Kolxoz yeridan ungan don-dun, sabzavotlarni oxirigacha supurib-sidirib olgan mahalliy amaldorlar bu bilan cheklanmay, xonadonlarning oʻz tomorqasida yetishtirilgan hosiliga ham chang soldi. Ularnikiga navbat kelganida onasi Rajabbibi “Men bolalarimga tuproq yediramanmi, qanday tirikchilik qilaman, bermayman hosilimni”, deb toʻpolon qilib, tom boshidagi bugʻdoyini kelguvchilardan asrash uchun shotiga tirmashayotganida bir bagʻritosh amaldor devorga qoʻyilgan shotini toydirib yuborgan. Shunda onasi uch-toʻrt metr balandlikdan shoti bilan birga yiqilib, azob tortib yotganlarini hech unutmaydi. Oʻsha yillarda xalq rizqini frontga yuborib, ochlikdan bir qiynalsa, mahalliy amaldorlarning zulmi ustiga-ustak boʻlgan. Yaxshiyam Toʻxta Boltayevaning urushga ketgan akalaridan Jumamurod, Safarboylar qaytib kelib, oilaga suyanchiq boʻlishdi.
Eh-hey, Toʻxta ena eslayversa, uning hayoti dostonlarga ham sigʻmaydi. Salkam yuz yosh ostonasiga, bugungiday dorilomon kunlarga yetganidan, farzandlar, nevara, chevara, evaralar, butun eli eʼzozida yashayotganidan quvonib, tinmay shukrona aytadi, elimizning tinchligi, obodligi bardavom boʻlgay, deb tilaydi. Hamon tetik, fikrlari teran, taqdiridan nolishni bilmaydigan moʻʼtabar enaning “Sizlar ham mening yoshimga yetgaysizlar”, degan duosidan bizning ham koʻnglimiz togʻday koʻtarildi.
Hamrohlarimiz – “Ayoqchi” mahallasi xotin-qizlar faoli Nigora Polvonova, “Toshqalʼa” mahallasi xotin-qizlar faoli Ravshanoy Tilovboyevalar bilan moʻʼtabar onaxon huzuridan qaytar ekanmiz, salkam bir asr umr koʻrsa-da, zehni oʻtkir, fikri teran, oʻzini oʻzi bemalol boshqara oladigan farishta misol momoga chindan-da havasimiz keldi.
Oygul RAJABOVA, Ravshanbek BAHROMOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶