ELLIK YILDAN KEYINGI DIYDOR
Joriy yilning 29-sentyabr kuni Amudaryo tumanidagi 3-sonli umumiy oʻrta maktabni 1973-yilda tugatgan sobiq bitiruvchilarning 50 yillik yubiley uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ushbu dargohni ellik yil muqaddam tamomlagan sobiq oʻquvchilar diydorlashuvi maktab binosida tashkil etildi.
Uchrashuvga Respublikamizda fan, taʼlim, harbiy sohada, xususiy tadbirkorlikda, pedagogika sohasida faol mehnat qilib kelayotgan 28 nafar bitiruvchilar tashrif buyurishdi. Maktabning sobiq oʻquvchilari nafaqat tumanimizda, balki Respublikamizda ham oʻzlarining faol xizmatlari, ulkan tajribalari bilan tanilgan yetuk mutaxassislar boʻlib, Vatanimiz ravnaqi uchun hissa qoʻshayotgan, hozirgi kunda oʻzining boy amaliy tajribasi bilan oʻsib kelayotgan yosh avlodga oʻrnak boʻlayotgan aziz insonlardir. Uchrashuvda ularning ustoz-murabbiylari – kimyo-biologiya fani oʻqituvchisi Injigul Oʻtemuradova, matematika fani oʻqituvchisi Uzoqbergan Xoʻjamberganov, fizika fani oʻqituvchisi Sarsenboy Tajimuradov, musiqa fani oʻqituvchisi Zulfiya Allamberganova, rus tili oʻqituvchisi Jumat Baymanovlar ham qatnashdilar.
Sinfdoshlar tomonidan tashkil etilgan uzoq yillik uchrashuv bayram tantanalariga aylanib ketdi. Tadbirning tashkiliy qismi maktab binosida oʻtkazildi.
Tadbirda sobiq ustozlar, faxriy oʻqituvchilar soʻzga chiqib, sobiq oʻquvchilarni maktabni bitkazganiga 50-yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilayotgan uchrashuv bilan muborakbod etdilar. Ularga maktab hayoti, oʻquvchilik yillariga doir qiziqarli maʼlumotlar, hayotning totli onlari xususida iliq fikrlarini bayon etdilar. Sinfdoshlar ham oltin yoshlikning unutilmas lahzalari, ustozlarga boʻlgan mehr-muhabbati hamda doʻstlari bilan bogʻliq sogʻinch hislari haqida dil izhorlarini bayon qildilar.
Mehmonlar zamonaviy jihozlangan xonalarda taʼlim olayotgan bugungi kun oʻquvchisiga havas bilan qarashar ekan, bugun yurtimizda ilm-fan va texnologiyalarning jadal oʻsishi, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilib, ularning isteʼdodi va qobilyatlarini toʻliq amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Sinfdoshlar maktab partalarida oʻtirar ekan, oʻquvchilik davrida kechgan qiziqarli voqealar, ajoyib sarguzashtlarni maroq bilan eslashdi. Uchrashuvga kelgan mehmonlarga maktabning hozirgi hayoti, oʻquvchilar va oʻqituvchilar jamoasining ilm-fandagi yutuqlari haqida maʼlumotlar berildi.
Bundan 50-yil oldin maktabni tugatgan sobiq oʻquvchilar taʼlim maskani oldida esdalik fotosuratlariga tushdilar va ustozlarga taʼzim bajo keltirib, maktab rahbariyatiga, ustoz-murabbiylariga ulkan zafarlar va muvaffaqiyatlar tiladilar.
Sinfdoshlar oʻrtasidagi doʻstlik tuygʻusi insonni maʼnaviy qoʻllab-quvvatlovchi, uning ogʻirini yengil qiluvchi, ruhiyatini koʻtaruvchi, oʻziga ishonch orttiruvchi kuch hisoblanadi. Insonda doʻstlik, birodarlik, oʻzaro ishonch tuygʻulari darhol yuzaga kelib, oʻz-oʻzidan mustahkamlanib qolmaydi, balki yillar davomida shakllanib boradi.
Ana shunday mustahkam doʻstlik rishtalari bilan bir-biriga jips bogʻlangan, oradan 50-yil oʻtsada bolalik, oʻsmirlik va yoshlik damlarini qoʻmsab, uchrashuvga kelgan sinfdoshlar diydori bir piyola choy ustida davom etdi.
Sinfdoshlar uchun yozilgan dasturxon atrofida doʻstona suhbat va oʻyin-kulgu uzoq vaqt davom etdi. Sinfdoshlarning sogʻinchli diydorlashuvi uzoq yillar xotirada muhrlanib qoladigan darajada yuqori saviyada oʻtdi.
Sevara ISMOILOVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶