ONA YeR, ONA TABIAT – BIZ UChUN MUQADDAS
Ona Yer, ona tabiat biz insonlar uchun hamisha muqaddas hisoblanadi. Chunki ona Vatanimiz bizni koʻksida tutib turgan Yerdan boshlanadi.
Tuman tabiatni muhofaza qilish boʻlimi tomonidan muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar xaritasi tuzilgan boʻlib, bular ichida tabiiy suv manbalaridan oqilona foydalanish, ularning muhofaza hududlarini toza saqlash hamda obodonlashtirish alohida muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, nazoratdagi hududlarning atmosfera havosi, yer osti va yer usti tabiiy boyliklar zahiralaridan unumli foydalanishga erishish maqsadida yil davomida qilinadigan ishlar rejasi tuzilib, zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Unga koʻra, 2015-yil boshidan Amudaryoning chap va oʻng qirgʻogʻidagi 500 metrlik muhofaza hududlariga yaqin joyda joylashgan fermer xoʻjaliklari rahbarlariga Tabiatni muhofaza qilish borasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlarining mazmun-mohiyati tushuntirilib, qonunda koʻrsatilgan yoʻl-yoʻriqlar asosida ish olib borish topshirildi.
Ayniqsa, Amudaryoning muhofaza hududida tabiiy ravishda hosil boʻlgan toʻqayzorlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, taʼqiqlangan havzalarda baliq ovlanishiga chek qoʻyish, brakonerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrishga erishilayotgani nazoratdagi hududlarda bioxilmaxillikni saqlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bundan tashqari, Mangʻit-Nazarxon irrigatsiya tizimi, tuman Melioratsiya boʻlimi, tuman va shahar suv tarmoqlari idoralari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar ham yaxshi samara bermoqda. Yaʼni, barcha yirik suv yoʻllari hamda suv olish nuqtalarining texnik pasportlari tayyorlangani bois, bu boradagi yechimini kutayotgan muammolar toʻliq hal etildi.
Bizning faoliyatimizda nazoratdagi hududlarda maxsus rejali tekshiruvlar oʻtkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 10 dan ortiq obʼektda rejali tekshiruvlar oʻtkazilib, atrof-muhit tozaligi, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, atmosfera musaffoligi, yer va tuproq ekologiyasi hamda ichimlik, oqar suv manbalari bilan bogʻliq muammolar bartaraf etildi. Tuman DSENM, veterinariya boʻlimi, OFY va MFYlar huzuridagi masʼul komissiyalar hamkorligida oʻtkazilgan tekshirishlar oʻzining ijobiy natijasini berdi hamda nazoratga olingan hududlarning ifloslanishiga, tabiat boy-liklarining behuda isrof boʻlishiga yoʻl qoʻygan masʼul mutaxassislar jarima jazosi bilan jazolandi. Birgina misol, tuman tabiatni muhofaza qilish boʻlimi mutaxassislari tomonidan 36 ta korxona va tashkilotlarga 8,3 million soʻmlikdan ortiq kompensatsiya toʻlovlari hisoblanib, ushbu toʻlovlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining maxsus jamgʻarmasiga oʻtkazildi. Yer, suv isrofgarchiligi, atmosfera havosining ifloslanishi, har xil maishiy chiqindilar bilan atrof-muhitga yetkazgan zararlari uchun 64 ta holat boʻyicha aybdorlardan tuman prokuraturasi bilan hamkorlikda jarimalar undirib olindi.
Nazoratdagi hududlarda flora va faunaning daxlsizligini taʼminlash, yer, suv, tabiiy toʻqayzorlar, ulardagi hayvonot dunyosini yanada boyitish maqsadida Qoraqalpogʻiston Res-publikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasining tuman boʻlimi tomonidan olib borilayotgan ishlar nihoyatda keng qamrovli boʻlib, uzoq kelajakni koʻzlab olib borilayotgan barcha tadbirlarimizda oʻrmon xoʻjaligi, tuman tibbiyot birlashmasi, tuman xalq taʼlimi tizimidagi oʻquv maskanlari, akademik litsey, kollejlar hamda ovul va mahallalar ahli faol ishtirok etishayotgani quvonarlidir. Faqat Mangʻit – Nazarxon irrigatsiya tizimi boshqarmasi bilan hamkorlikda bahorgi koʻchat ekish mavsumida 46100 tup yapon saforasi, 300 tup kashtan, 364200 tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari, salkam 80 ming tup tez oʻsuvchi terak, 6,4 ming tup tut koʻchatlari, fermer xoʻjaliklari tomonidan esa 798 700 ta terak va qoratol qalamchalari ekilgani xalqimiz ona tabiatni asrash va uni boyitish uchun qanchalar jonkuyar ekanliklaridan dalolatdir.
Shuni unutmasligimiz kerakki, tabiatni muhofaza qilish nafaqat soha xodimlarining, balki har birimizning burchimizdir. Zotan, buyuk mehr-muhabbat timsoli – Ona tabiatga biz ham mehr-muhabbat koʻrsatar ekanmiz, bu eʼtiborimiz bizga yanada cheksiz mehr, boylik va baxt-iqbol boʻlib qaytmogʻini aslo unutmaylik!
Shuhrat BOLTABOYeV,
(Foto - http://navoiypress.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶