BOBOM XOTIRASI doim qalbimizda
Xotira - ajdodlarimizni bizga eslatib turuvchi muqaddas tuygʻudir. Men bugun koʻzimga yosh olib, bobomni esladim. Bobom Rahim Matqurbonov 1915-yil Jumurtov qishlogʻida tugʻilgan. Bolalik chogʻlaridanoq oʻqituvchilik kasbiga mehr qoʻygan ekan. Shu kasbni egallash maqsadida maktabni tugatgandan soʻng, Nukusdagi muallimlar tayyorlash oliygohini tugatib, qishlogʻiga keladi va shu yerdagi maktabda bolalarga dars beradi. Ish faoliyatini 1937-yili oʻqituvchilikdan boshlagan bobom Rahim Matqurbonov keyinchalik ilmiy boʻlim mudirligiga tayinlanadi. Orada mashʼum Ikkinchi jahon urushi boshlanib qoladi.
Ona Vatanining mard va jasur oʻgʻloni boʻlgan bobom darhol urushga otlanadi. Keyinchalik oʻz Vataniga qaytgach, yana sevimli kasbini davom ettirgan.
Bobom 6-sonli maktabdagi ish faoliyati davrida maktab direktorligigacha boʻlgan vazifalarda sidqidildan mehnat qilgan. Shu davr mobaynida koʻplab shogirdlar tayyorlagan hamda shu qishloq ahli farzandlarining taʼlim olib, kamol topishiga katta hissasini qoʻshgan. "Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi” unvonini olishga sazovor boʻlgan. Keyinchalik nafaqaga chiqqach, "Zarbdor” jamoa xoʻjaligida urush faxriylari uyushmasida rais vazifasida faoliyat koʻrsatgan.
Bobom oilada mehribon ota boʻlgan. Buvim bilan birgalikda farzandlarini el-yurtga foydasi tegadigan insonlar qilib voyaga yetkazishgan. Farzandlarining biri ziyoli, biri shifokorlik kasbini egallagan. Ular hozirgi kunda bobom va buvim ruhlarini shod qilib, ona Vatanimiz ravnaqiga kattadan-katta hissa qoʻshib kelishmoqda.
Bobojon! Sizdek insonning nabirasi boʻlganimdan faxrlanaman va sizga munosib boʻlishga har doim harakat qilaman.
Goʻzal OTAJONOVA, 3-sonli Amudaryo akademik litseyi oʻquvchisi.
(Foto - http://turkistonpress.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶