QORAQALPOGʻISTONDAGI 27 FOIZ OAVNING VEB-SAYTLARI MAVJUD
Bugungi kunda hayotimizni internetsiz tasavvur qilish qiyin boʻlib qolmoqda. Oʻzbekistonda ham internet jadal surʼatlarda rivojlanib bormoqda. Bunga misol tariqasida .UZ domenidagi saytlarning soni 28 mingdan ortib ketganligini keltirishimiz mumkin.
Monitoring natijalariga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasida 100 dan ortiq veb-saytlar borligi aniqlandi. Shular orasida 15 tasi OAV veb-saytlaridir. Bular 12 ta gazeta, bittadan jurnal, televideniye va Qoraqalpogʻiston Respublikasi axborot agentligi saytlaridir.
Respublikamizda 54 ta ommaviy axborot vositalari roʻyxatdan oʻtganligini inobatga oladigan boʻlsak, veb-sayti bor OAVlar 27 foizni tashkil etadi. Monitoring natijalariga koʻra 15 ta saytning 2 tasi ayrim sabablarga koʻra ishlamayotganligi aniqlandi.
Ushbu saytlar asosan oʻzbek va qoraqalpoq tillarida faoliyat yuritmoqda. "Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasining veb-sayti Qoraqalpogʻistonda elektron OAV sifatida roʻyxatdan oʻtgan yagona sayt hisoblanadi. Ushbu saytlarga kunlik tashriflar 20-100 tani tashkil etadi. Bu borada Amudaryo tumani gazetasi veb-sayti boshqalarga nisbatan maqtana oladi. Amunews.uz ga kuniga 100 tadan ortiq tashriflar kuzatiladi.
Afsuski, koʻpchilik gazetalarning veb saytlari tez-tez yangilanib turilmaydi, ijtimoiy tarmoqlarda hech bir gazetaning rasmiy sahifasi yoʻq, koʻp saytlarda kuniga qancha tashrif boʻlayotganligi koʻrsatilmagan, foydalanuvchilar uchun yaxshi sharoit yaratilmagan.
Agarda "Qaraqalpaqstan” telekanalidagi "Xabar” informatsion dasturi va radioda efirga uzatilgan eng yaxshi materiallar veb-saytlarga joylashtirib borilsa, maqsadga muvofiq boʻlgan boʻlardi. Shuningdek, har bir gazeta ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalarini ochib, ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazib tursa, bu gazeta va oʻquvchilarni bir-biriga yanada yaqinlashtirgan boʻlar edi.
Furqat Yusupov,
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasi mutaxassisi.
(Foto-http://myday.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶