AYoLLARI EʼZOZ TOPGAN YuRT
Publitsistika
"...insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va maʼnaviy kamoloti ayollarga boʻlgan munosabati bilan belgilanadi. Ayniqsa, ayollarga sharqona ehtirom va aʼzoz biz uchun ibratli merosdir”
Islom Karimov
IBRATLI MEROS
Bobomeros urf-odat va anʼanalar – bu avvalo insoniy goʻzal fazilatlar jamlanmasi, qolaversa, oila, xonadon, mahalla va millat koʻrki, ziynatidir. Ayniqsa, ayolga, onaga boʻlgan hurmat, aʼzoz va ehtirom – anʼanaviy ibratli meros. Shuning uchun ham ibratliki, bu zoti mukarramalarga nisbatan har bir qalbda uygʻonguvchi mehr-muhabbat taftida millat shaʼni, maʼnaviyati yuksaladi. Ana shu mehr-muhabbat taftidan kuch olgan barkamol shaxs shakllanadi. Qachonki ayollar yuksak eʼzoz va ehtirom tadarruklari ila siylanar ekan, muhtaram Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, "jamiyatning madaniy darajasi va maʼnaviy kamoloti” yuksalib boraveradi.
Mustaqillik – aziz ayollarimizga, opajonlarimizga eʼtibor va eʼzoz koʻrsatishning eng oliy mezoni – ayol huquqlarini kafolatlovchi qonuniy asoslar yaratib berdi. 1992-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida: "Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilab qoʻyilishining oʻzi ayolning mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy va maʼnaviy hayotida tutgan mavqeini mustahkamladi. U avvalo erkin inson, ayol va ona, ijtimoiy faol shaxs sifatida oʻz iqtidori va qobiliyatini namoyon etish imkoniga ega boʻldi. Ana shu qonuniy asos, nazarimda, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ayollar ishtiroki bilan bogʻliq taraqqiyot sari yoʻl ochdi.
Atrofga boqing, azizlar. Har sohada yuksak taraqqiyot, rivojlanish, oʻzgarish, yangilanishni kuzatasiz. Albatta, bularning barchasida ayol-qizlarning ishtiroki bor. Onalik va bolalikni muhofaza etish, barkamol avlodni tarbiyalash, oila mustahkamligini taʼminlash, ayol-qizlarning bilim olishi, malakali mutaxassis, yetuk olima, oʻtkir siyosatchi sifatida oʻzini namoyon etishi, kuch va salohiyatini oʻstirishi uchun yaratilgan qonuniy asoslar ana shu yuksalish, oʻzgarish va yangilanishlarning mezonlaridir. Ayol-qizlarni jamiyatda eng faol, xususiy biznes, tadbirkorlik subʼektlarining rahbarlari, yetuk olima, davlat va jamoat arbobi sifatida shakllantirgan bu mezonlar bugun oʻzbek ayolini dunyoga tanitdi. Muhtaram Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda "Oʻzbekistonda ayolga sharqona ehtirom va eʼzoz koʻrsatish ibratli meros” sifatida yanada qadr topganligining amaliy isboti boʻldi!
NUR VA ZULMAT ORALIGʻIDA KEChGAN KUNLAR HIKOYaSI
Shular haqida oʻylarkanman, nur va zulmat oraligʻida aziz xalqim boshidan kechirgan tarix sahifalari koʻz oʻngimda jonlanadi. Bizga odat boʻlib qolgan oʻtmishning qorongʻi kunlarini qoralab, uqubatlaridan, azoblaridan soʻzlash baʼzan meʼdamizga tegishi aniq. Bundan farqli oʻlaroq, men momolarimiz yaqin-yaqinlarda armon bilan eslagan goʻzal tarixiy lahzalardan soʻz ochmoqni lozim topdim. Ana shunda, azizlar, yuqorida muhtaram Prezidentimiz alohida eʼtibor bilan aytgan fikrlar – "ayolga sharqona ehtirom va eʼzoz koʻrsatish” haqiqatan ham biz uchun ibratli meros ekanligiga amin boʻlasiz.
...Bolaligimizda Orzigul momo ismli yuz yoshlarni qoralagan qarindosh momomiz boʻlardi. Uyimizga mehmonga kelsalar, gʻazalxonlik, sheʼrxonlik, qissaxonlik avj olar, qoʻni-qoʻshnilar yigʻilib, momomizning maʼnaviyat saboqlarini tinglab, huzur qilishardi.
HIKOYa
– Bolaligimizda qiz-u kelinchaklar chelak koʻtarib quduqqa borishmasdi, - hikoya qilardilar momo. – Agar uylarida erkak kishi biron yoqqa ketsa, boʻsh chelaklarini eshiklari tagiga chiqarib qoʻyishardi.
- Nega, momo? – hayron boʻlardik.
- Hay, bolam-a, ayol kishining beliga ogʻirlik tushmasin, deb shunday qilishardi. Enalarimiz non yopishsa, korson toʻla hamirlarini tandir boshiga erkaklar eltib berishardi. Koʻchadan oʻtgan-ketgan erkak qaysi eshik oldida boʻsh chelak boʻlsa, suvga toʻldirib qoʻyib ketishardi. Mangʻitni oʻris bosib olgungacha shunday boʻlgan...
Bu - millatning oʻtmishida qolgan sharqona odat, ayolga ehtiromning hayotiy koʻrinishidan bir lavha.
Momo ogʻir tin olib yana davom etardi.
- 1875-1890 yillarda oʻris zobitlari ovullarni oralab yurib, ayol-qizlarni ogʻir-ogʻir ishlarga majburlashganini koʻrib, yuqoridagi kabi ota-bobolarimiz amal qilgan koʻp yaxshi odatlarni enalarimiz sogʻinib, qoʻmsab yurishganiga guvohman. Oʻris davrida ayollar ariq qazidilar, qoʻsh haydadilar, gʻaltak-arava haydab, dalalarga goʻng, tuproq tashidilar. Qizillar davrida ayol-qizlarning ahvoli yanada yomonlashdi. Bizlar sovetning ishchi quroliga, mahsulot yetishtiruvchi ishchi kuchiga aylanib qoldik. Aytsam, ertak, bolalarim. Paxta dalasida bolasini oʻlik tuqqan, farzandining chillasi chiqmay turib, beliga etak bogʻlab yoki ketmonini yelkalab dalaga chiqib ketgan ayollar soni ming-ming edi. Ularning koʻpi juda erta oʻtib ketishdi...
Bu – momolar yuragini kemirgan dardli, gardli, azobli yaqin tarix haqiqatidan bir shingil, xolos.
YaQIN OʻTMIShDAN BIR VOQEA
Yaqin oʻtmish – 1975-yil. Roʻzigul ona oltinchi farzandini dunyoga keltirdi. Oʻz uyida koʻzi yoridi. Koʻp qon yoʻqotganidan boʻlsa kerak, hadeganda tiklanib ketolmadi. Oʻn kunlardan soʻng, eshigi oldida brigadirning mototsikli toʻxtadi:
- Roʻzigul, - chaqirdi u, - chiq bu yoqqa, Roʻzigul!
Asta oʻrnidan sirgʻalib, hovliga chiqdi.
Brigadir Roʻzigulga, ikkita peshgir (paxta teradigan fartuk)ni otdi. – Ertaga "Xoʻja yer”ga paxta terishga chiq, "pokaz” boʻladi.
- Axir buvaklagan (tugʻdim, demoqchi) boʻlsam...
- Buvak – suvaklaganing bilan ishim yoʻq, hukumatga paxta kerak!
Brigadir ketdi. Qoʻlida ikkita peshgir bilan uyga kirgan Roʻzigul holsizlikdan oʻtirib qoldi. U ertasiga brigadir aytgan yerga paxta terimiga chiqmadi, chiqolmadi. Chaqalogʻi bilan Roʻzigulni eri Safarmat ogʻa kasalxonaga yotqizdi.
Ikki kundan soʻng kolxoz idorasida aktiv yigʻilishi boʻldi. Siyosatga qarshi boʻlib, paxta terimiga xotinini olib chiqmagani uchun Safarmatni xoʻjalik ustaxonasidagi ishidan boʻshatishdi. Noiloj, ishsiz qolgan Safarmat ogʻa bolalarini olib Taxiatosh shahriga koʻchib ketdi...
Bunday voqealar koʻp boʻldi. 10 nafar bolasini ergashtirib yurib, umr boʻyi dalada ishlagan, paxta terib, egni boʻz kuylakka yolchimagan onajonlarim koʻp boʻldi, azizlar. Aysha, Bika, Jumabika, Maryam, Rabigʻa, Toʻlgʻon, Tojigul, Shukurjon, Hayitbika, Oʻrozgul, Roʻzigul onalar. Ularning har birining kamida 7-8 nafar, baʼzilarining 10-12 nafar bolalari bor edi. Ularning birontasi ham farzandlarini dunyoga keltirib, bir kun ham tugʻruq taʼtilida oʻtirishmagan, davlatdan nafaqa olishmagan. Ular – qizil imperiyaning qishloqlardagi ishchi kuchlari edilar, xolos. Kasal boʻlish, davolanish, tugʻruq taʼtilida oʻtirib bolasini parvarishlash – na qogʻozda, na amalda yoʻq narsa edi. Bolalari oʻlik tugʻilgan onalar, bolalari erta nobud boʻlgan onalar, bolalari nogiron tugʻilgan onalar qon-qaqshab qolaverardilar yaqinginada...
BUGUNGI AYoLLAR
Mustaqillik – ayol-qizlarning ijtimoiy-siyosiy maydondagi faolligini yanada yuksak pogʻonalarga koʻtardi. "Oʻzbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 1995-yil 2-martda qabul qilingan Prezident Farmoni mamlakatimizda ayol-qizlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik masalasini davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilabgina qolmay, xotin-qizlarning yashash, dam olish, mehnat qilish sharoitlarini tubdan yangilash, ularning har jabhada faolligini oshirish imkonini yaratdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 25-maydagi "Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ayol-lar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini, maʼnaviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada yuksaltirdi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasining saylov qonunchiligiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi siyosiy partiyalardan vakillik organlari hamda parlament deputatligiga xotin-qizlar uchun 30 foiz kvota joriy etish imkonini berdiki, bu imkoniyat siyosiy bilimi yetuk, xalq orasida yuksak obroʻ-eʼtibor qozongan ayol-qizlarning siyosat maydonida dadillik bilan faoliyat olib borishlarida muhim omil boʻldi.
Bugungi ayol-qizlar – fikrda sobit, hayotda ilgʻor, iqtisod va siyosatda faol, madaniy-maʼrifiy, maʼnaviy sohalarda zakovatli. Eʼtibor bering: birgina bizning tumanimizda, 1999-yilgi saylovlarda 4 nafar ayol Xalq deputatlari tuman Kengashiga, 1 nafar ayol Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga deputatlikka saylangan boʻlsa, 2004-yilda 3 nafar ayol tuman Kengashiga, 1 nafar ayol QR Joʻqorgʻi Kengesiga, 1 nafar ayol esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandilar. 2014-yilgi saylovlarda tuman Kengashiga 6 nafar, QR Joʻqorgʻi Kengesiga 1 nafar tumanimizning faol ayollari deputatlikka saylanishdi.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etish joizki, tumanimiz ayollari orasidan yetishib chiqqan Oʻzbekiston Xalq oʻqituvchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat mukofotlari hamda "Doʻstlik” ordeni, "Mehnat shuhrati”, "Jasorat”, "Shuhrat” medallari sohibalari har bir masalada yoshlarga ibrat koʻrsatib kelmoqdalar.
Bugungi kunda tumanimizda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subektlarining 40 foizini ayollar boshqarayotgan boʻlsalar, sogʻlikni saqlash tizimi xodimlarining 74 foizini, xalq taʼlimi tizimi xodimlarining 75 foizini ayol-qizlar tashkil etadi.
Agar 1991-yilda tumanimiz taʼlim tizimida bir necha nafargina ayol rahbarlar boʻlgan boʻlsalar, 2016-yilga kelib 122 ta taʼlim maskanlarining qariyb yarmini ayol-qizlar boshqarishmoqda.
Ona va bola sogʻligi esa toʻla davlat gʻamxoʻrligida. Farzand kutayotgan onalarga tugʻruqdan oldin va tugʻruqdan keyingi beriladigan taʼtillarning oʻzi toʻrt oydan ortiq (128 kun) qilib belgilanishi, bolasi ikki yoshga toʻlguncha qisman haq toʻlanadigan, bolaga qarab turganlik uchun beriladigan taʼtil, farzandlari 16 yoshga toʻlguncha ijtimoiy nafaqalar tayinlanishi ham aziz ayollarga koʻrsatilayotgan ehtiromning yuksak ifodasidir.
Sobiq ittifoq davrida sportning nimaligini hatto tushunib ham yetmagan, ertadan-kechgacha boʻsh vaqtini onalarining yonida yurib, dalada paxta terish bilan oʻtkazgan kechagi qizaloq bilan bugungi yosh qizaloqlar oʻrtasidagi farqni koʻring-a! Bugungi qizlar sportning bir necha turlari boʻyicha Oʻzbekiston, hatto jahon chempionlari boʻlib, mamlakatimizning chekka tumani – Amudaryo dovrugʻini, dongʻini oshirishmoqda.
- Men Oʻzbekistonda, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo tumanida tugʻilganman, – deya bir necha xorij telekanallariga intervyu bergan oʻzbekning milliy kurash boʻyicha birinchi chempion qizlari Feruza Haytimbetova hamda Zulhijja Xudoyorovalarning nomi bugun chegaralar hatlab, jahonga tanilgan.
Bugungi oʻzbek ayoli – Amu ayollari har sohada jahonga yuz tutgan. Bu – har dilda iftixor oʻygʻotadi. Bu – mustaqillik bergan ulugʻ imkonlar ortidan kelgan baxt. Bundayin yorugʻ, yolqinli, nurli kunlar mangu, ayollar, aziz onajonlar omon boʻlsinlar! Zero, ularning baxtiyorligini, omonligini, davlatmandligini tilash, uning tabarruk qoʻllaridan tutib, qadr-qimmatini joyiga qoʻyish – ayolga sharqona ehtiromning, eʼzoz-u izzatning qonimizda barhayotligi ifodasi – ibratga munosib meros! Bu meros – mangudir, mangu daxlsizdir!
Robiya YOʻLDOShEVA.
(Foto - http://www.uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶