Vatanim taqdiri – mening taqdirim
Ayni kunlarda xalqimiz asrlar davomida orziqib kutgan, hayotimizning maʼno-mazmuni, ong-u tafakkurimizni tubdan oʻzgartirgan, Vatanimizning shonli tarixidagi buyuk va oʻchmas sana Oʻzbekiston Mustaqilligining yigirma besh yilligi shodiyonalari shukuhi bilan yashamoqda.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti taʼkidlaganlaridek: "Mustaqillik niholi koʻkarishi uchun unga tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, millatlararo chidam va bardosh kabi kuchli ildizlar kerak. Shunda u har qanday shamol, dovul va boʻronlarda yiqilmaydigan boʻlib ulgʻayadi”.
Shuni ishonch bilan ayta olamizki, bugun biz kuchli, baquvvat ildizlarga egamiz. Yigirma besh yillik bosib oʻtgan yoʻlimizga bir nazar tashlasak, yurtimiz endi mustaqil hayotni boshlagan bir oila kabi qiyinchiliklar dovonidan oʻtib, bugungi dorilomon kunlarga yetib keldi.
Mustaqillik bizga juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Biz oʻz tariximiz, oʻz tilimiz, dinimiz, oʻz ramzlarimizga ega boʻldik. Azaliy qadriyat va urf-odatlarimizni, oʻzligimizni qaytadan tikladik. Bugun hayotimizning qaysi sohasini koʻrmang, hammasida ulkan oʻzgarishlar, rivojlanishlarga koʻzingiz tushadi.
Ha, Oʻzbekistonni bugun dunyo tan oldi! Biz yuritayotgan islohotlar ularda qiziqish uygʻotdi!
Qadrdon goʻshamizda har bir tongni qarshi olar ekanmiz, yurtimizdagi tinchlikning, farovonlikning gashtini tuyamiz! Bu kunlarning fayzi oʻzgacha! Tarovati, zavqi oʻzgacha! Oila davrasida jamul-jam yigʻilishib, kimdir ishga, oʻqishga, yana kimdir dalasiga, mehmonga otlanishadi. Ularni kuzatar ekansiz, koʻzlaridagi baxtni, mamnuniyatni, ertangi kunga boʻlgan ishonchni his qilasiz!
Atrofga qarang! Yoʻllarimiz tekis va ravon, mamlakatning metin qalqonlari – poʻlat izlarda shamol kabi tezlikda manzilimizni yaqin qilayotgan zamonaviy poyezdlar, mashinalar, qishloqlardagi hamma sharoitlarga ega zamonaviy uy-joylar, yoʻllar chetidagi serhosil bogʻlar, gulzorlar - hamma-hammasi mustaqillik neʼmatlaridir.
Tinch va osoyishta yurtda yashagan inson qalbida halovat boʻladi. Halovat bor ekan, qalbida ulkan orzular, niyatlar nish uradi. Tinchlik degan bebaho neʼmatdan kuch olayotgan xalqning ertasi nurafshon boʻladi.
Azizlar, tinchligimizni koʻz qorachigʻiday asrab, bugungi kunlarning qadriga yetaylik! Mustaqil Oʻzbekistonimiz yanada gullab-yashnayversin. Vatanimiz uchun bor kuch-gʻayratimizni ayamasdan, fidoyilik va sadoqat bilan mehnat qilaylik va har bir qalbda mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantiraylik. Zero, ona Vatan taqdiri – barchamizning taqdirimiz!
Nasiba YeShMURODOVA,
55-sonli maktab oʻqituvchisi.
(Foto-http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶