SAODAT
Mangʻit shahrining "Boʻston” mahallasi "Nurli yoʻl” koʻchasida istiqomat qiluvchi Ortiqboy Shomurodovning oilasi uchun joriy yilning mart oyi haqiqiy bayramlar oyi. Boisi, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni, Navroʻz bayramidan tashqari bu yil 5-martda Ortiqboy aka va Omongul Jumageldiyevalarning turmush qurishganiga 40-yil toʻldi. 11-mart – Ortiqboy akani dunyoga keltirgan, tabarruk yoshga yetgan onasining tavallud kuni.
– Aslida tinch-totuv, osoyishta oʻtayotgan har bir kunimiz bayramday, – deydi shukronalik bilan Ortiqboy aka.
Ha, u oʻz hayotidan, farzandlari kamolidan har qancha faxrlansa arziydi. U oilada sakkiz nafar farzandning biri edi. Turkman millatiga mansub boʻlsa-da, darslar oʻzbek tilida oʻqitiladigan maktabda, keyin oliygohda oʻqidi, mutaxassislikni puxta egalladi. Bir umr pochta aloqasi, telekommunikatsiya sohasida ishladi. 1998-yildan 2002-yilgacha tuman pochta aloqasi boʻlimiga, 2002-yildan to shu kungacha tuman telekommunikatsiya tarmogʻiga rahbarlik qilib kelmoqda. 7 nafar farzandning otasi. Ularni ham turmush oʻrtogʻi Omongul opa bilan el koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazishdi, biri hamshira, biri "Oʻzbekiston pochtasi” AJ tuman boʻlimida, turli korxona, tashkilotlarda mehnat qilishadi. Bari maslahatlashib, turli sabablar bahona uyida yigʻilishib qolganida, Ortiqboy akaning, Omongul opaning atrofi nevaralarga toʻlib, koʻngillari togʻday koʻtarilib ketadi.
Ortiqboy Shomurodovning ota-onasi 1947-yilda Turkmanistondan koʻchib kelib, shu yerda turgʻun yashab qolishgan ekan.
– Otam ikkinchi jahon urushi nogironi boʻlsa-da, 27-yil obodonlashtirish boʻlimida ishlab, nafaqaga chiqqan edi. Biz 8 nafar farzand hammamiz shu yerda tugʻilib, shu yerda voyaga yetib, oilali boʻldik. Hech kimdan kam joyimiz yoʻq. Tugʻishganlarimning ham, farzandlarimning ham turmushidan koʻnglim toʻq. Qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlarimiz ahil, hamjihat. Shu el bilan yaqin qarindosh boʻlib ketdik, – deydi u mamnuniyat bilan.
Ortiqboy akaning turmushidan faxrlanishi bejiz emas. Turmush oʻrtogʻi Omongul Jumageldiyeva ham tuman Obodonlashtirish boshqarmasida, "Matbuot tarqatuvchi” aktsiyadorlik jamiyatida ishlab nafaqaga chiqdi, shu kungacha oilasida, tugʻishganlarining yaxshi kunlarida, toʻylarida shu el odamlari quvonchiga sherik boʻladi, saharlab xizmatga keladi. Oʻzi ham imkon qadar el bilan boʻlishga intiladi.
– Turkmaniston davlatidan qarindoshlarimiz mehmonga kelishsa, turmushimizga havas qilishadi, – deydi Omongul opa toʻlib-toshib. – Turkmaniston va Oʻzbekiston davlatlari orasida oʻzaro hamdoʻstlik aloqalari yana ham mustahkamlanayotganidan quvonadi.
Aslida ham insonning oʻz hayotidan mamnun boʻlib, rozi boʻlib yashashidan ortiq ulkan baxt bormi? Ana shunday ulugʻ saodat hammaga ham nasib etsin!
Oygul Rajabova.
Suratda: O.Shomurodov oila aʼzolari bilan.
M.Shomurodov olgan surat.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶