XOTIRA VA QADRLASh – MUQADDAS ISh
Xotira – muqaddas tuygʻu. U avlodlarni avlodlarga bogʻlab turuvchi muqaddas rishta, oʻtmishimizdan, kechagi kunimizdan saboq berib turuvchi va kelgusi hayotimizni toʻgʻri belgilashga oʻrgatuvchi maʼnaviy ustozdir.
Shu boisdan ham mamlakatimizda har yili 9-may – Xotira va qadrlash kunini nishonlashga ulkan eʼtibor qaratiladi, munosib tarzda oʻtkaziladi. Chunki mamlakatimizda bugungidek tinch, osuda va farovon turmush tarzi bunyod boʻlmogʻi uchun jonini fido qilgan insonlarning buyuk xizmatlarini unutishga aslo haqqimiz yoʻq.
Shu boisdan ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-apreldagi "Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorini butun xalqimiz quvonch bilan qarshi oldi.
Qarorda mazkur bayramni nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni munosib tarzda nishonlash chora-tadbirlari belgilab berilgan. Qarordagi 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front-orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining oila aʼzolariga, moddiy, maʼnaviy va boshqa turdagi yordamlar koʻrsatish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, tashkilot va harbiy qismlar vakillari biriktirilishi hamda ushbu toifadagi shaxslarni qutlash va koʻnglini koʻtarish maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlar tashrifini tashkil etish lozimligi koʻrsatib oʻtilganligi, ayniqsa, barchaga manzur boʻldi. Chunki bunday eʼtibor ularning koʻngliga madad boʻladi.
Men mehnat qilayotgan 3-sonli Amudaryo akademik litseyida ham har yili 9-may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanadi. Har yili tumanimizda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi faxriylari bilan oʻquvchilarimizning uchrashuvlarini oʻtkazamiz, ularning urush haqidagi xotiralarini tinglaymiz. Sovgʻa-salomlar bilan koʻnglini koʻtarib, duosini olamiz. Oʻquvchilarimiz guruh rahbari boshchiligida litseyga kelish imkoniyati boʻlmagan urush faxriylarining uylariga borib, ularni bayram bilan qutlab, sovgʻa-salomlar taqdim etadilar. Zarur hollarda uy-joylari atrofini obodonlashtirishga koʻmaklashadilar.
Shubhasiz, bunday uchrashuvlar oʻquvchilarimizni bugungiday dorilomon kunlarimiz qadriga yetishga, qalbida vatanparvarlik tuygʻularini tarbiyalashga xizmat qiladi.
Omonjon Tojiboyeva,
Amudaryo akademik litseyi oʻqituvchisi.
(Foto - shosh.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶