Gʻallazorda yongʻin chiqmasin!
Ayni kunlarda respublikamizda gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumi qizgʻin tus olmoqda. Ushbu mavsum rahbardan tortib oddiy dehqongacha katta masʼuliyat yuklaydi.
Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi tomonidan gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumiga tayyorgarlik koʻrish, yetishtirilgan hosilni saqlash, yoʻl harakati va yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Tumanimizda mavjud mashina-traktor parkidagi kombayn va yordamchi texnikalar yongʻin xavfsizligi xodimlari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilib, kamchiliklar bartaraf etilmoqda. Gʻallani qabul qilish, quritish va qayta ishlash korxonalarida ishlayotgan mutaxassislar mavsum davomida texnikalar sozligi, gʻalla mahsulotlari saqlanishi va ishchilarning yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etishini qatʼiy nazorat ostiga olishni belgilab qoʻyishdi. Gʻallazorlarda yongʻin yuzaga kelishining oldini olish uchun quyidagi yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etish zarur:
- gʻalla ekilgan maydonlarga yaqin joydan avtomobilda oʻtayotgan baʼzi fuqarolar sigareta qoldigʻini oʻchirmasdan tashlab yuborishadi. Buning oldini olish uchun temir yoʻllar, katta yoʻl va dala yoʻllariga yaqin joylardagi gʻalla maydoni chetidan 8 metr shudgorlanib, gʻallazorlar orqali oʻtadigan dala yoʻllarida gʻalla oʻrib olinguncha qatnov toʻxtatib qoʻyilishi maqsadga muvofiqdir;
- bevosita gʻalla maydonlarining oʻzida harakatlanayotgan texnikalar, transport vositalaridan chiqqan uchqun tufayli yongʻin kelib chiqishi ehtimoldan xoli emas. Shu sababli mavsumga jalb etilgan barcha texnikalarga (kombayn, traktor, avtomobil va boshqalar) uchqun oʻchirgichlarining sozligi tekshirib koʻrilgandan keyingina dalaga kirishga ruxsat berish va mavsum davomida ularning sozligini nazorat qilib borish lozim;
- yosh bolalar olov yoki gugurt oʻynashi natijasida yongʻin yuzaga keladi. Shunday ekan, ular gʻallazor atrofida mol boqishi, oʻynashi va dalaga kirishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
Baʼzan fuqarolar gʻallasi oʻrib olingan maydonlarga ikkinchi ekin ekish maqsadida dalani somon va poyalardan tozalash uchun ataylab oʻt qoʻyib yuborishadi. Yuzaga kelgan alanga qoʻshni dalalardagi gʻallasi oʻrib olinmagan maydonlarga ham xavf soladi. Shuning uchun gʻalladan boʻshagan maydonlarda olov yoqish taʼqiqlanadi. Maydonlarni tozalash faqat shudgorlash orqali amalga oshirilishi va buni joylardagi mutasaddi rahbarlar nazorat qilib borishlari talab etiladi;
- oʻrim-yigʻim paytida kombaynning aylanma mexanizmlari qizib ketishi, ularga somon oʻralib qolishi ham yongʻin chiqishga olib keladi. Kombayn haydovchilari oʻz texnikalari holatini nazorat qilib borishlari, vaqti-vaqti bilan toʻxtatib, oʻralib qolgan xas-hashaklardan tozalab turishlari shart. Bundan tashqari, har bir texnika birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan jihozlanishi zarur;
- yozning jazirama kunlarida qovjiragan xas-hashaklar, xususan, somon tez alangalanadi. Hatto kombayn oʻroqlarining biror tosh yoki metall boʻlagiga tegib ketishi ham uchqun chiqib, yongʻin sodir boʻlishiga olib keladi.
Bunday holatning oldini olish uchun mavsum boshlanishidan oldin kombaynning oʻzida ikkita yongʻin oʻchirgich, toʻrtta belkurak, oltita supurgi, 2x2 metr hajmli kigiz yoki brezent, 40-100 litrli sigʻimda suv, ikkita chelak boʻlishi kerak. Oʻrilayotgan gʻallazor chetida esa omochli haydov traktori shay turishi zarur;
- don saqlash omborlari va xirmonlarida yongʻin xavfi asosan elektr tarmogʻining nosozligi, gʻalla yuklashtushirish kichik mexanizmini ishlatish, xirmon hududida sigareta chekish va ochiq olovdan foydalanish oqibatida kelib chiqadi.
Buni inobatga olib, xirmon hududidagi yongʻinga qarshi qalqonlarning har birida birlamchi yongʻin oʻchirish vositalaridan kamida ikkita belkurak, metall ilgak, bolta va qumli quti oʻrin olishi lozim.
Yuqorida qayd etilgan talablar gʻalla hosili, boshqacha aytganda, rizq-roʻzimizni yongʻin ofatidan saqlab qolishda muhim omillar hisoblanadi.
X.MatYoQubov,
tuman IIB YoXB boshligʻi, mayor.
(Foto - http://kun.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶