AVTOMOBILDA YOʻLOVChILAR TAShISh FAOLIYaTINI LITsENZIYaLASh YaNADA SODDALAShTIRILDI
Yoʻlovchilarni haydovchidan tashqari toʻrttadan ortiq boʻlmagan oʻrindiqlarga ega boʻlgan yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga kiritildi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoʻlovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati litsenziya varaqasiga asosan amalga oshiriladi.
Litsenziya varaqasi 21 yoshga toʻlgan va boshqaruvida arizani berish vaqtida 10-yildan ortiq boʻlmagan vaqt davomida ekspluatatsiya qilinayotgan avtomobil transporti mavjud boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi. Avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashish bilan shugʻullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar “Akkreditatsiya markazi” DUKda akkreditatsiyadan oʻtgan texnik xizmat koʻrsatish stantsiyalarida 6 oyda kamida 1 marotaba transport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazishi shart.
Yakka tartibdagi tashuvchilar “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga ulangan, koʻp tarmoqli poliklinikalar, xususiy tibbiyot muassasalari, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish sharoiti mavjud boʻlgan avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuk tashish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan korxonalarda hamda yoʻlovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash boʻyicha interaktiv xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subektlari tomonidan tashkil qilingan maxsus tekshiruv punktlarida oylik tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerak.
Yakka tartibdagi tashuvchilarga yoʻlovchilarni avtomobil transportida tashish faoliyati doirasida xodimlarni ishga yollashga ruxsat etilmaydi.
2021-yil 1-sentyabrgacha boʻlgan davrda yakka tartibdagi tashuvchilarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi. Yakka tartibdagi tashuvchilardan litsenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida undiriladi. Bunda davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun yigʻim undirilmaydi. Yakka tartibdagi tashuvchilar qatʼiy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 3 tonnagacha yuk koʻtarish imkoniyatiga ega avtomobil transportida yuklarni tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan stavkada toʻlaydilar.
2021-yil 1-sentyabrdan boshlab:
a) yakka tartibdagi tashuvchilar oʻz faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.
b) agregatorlar xizmatidan foydalanishning shartlari etib: yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksilarda yoki yakka tartibdagi tashuvchi sifatida yoʻlovchi tashishni amalga oshirishga litsenziya varaqasiga ega boʻlish, “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga ulangan koʻp tarmoqli poliklinikalar, xususiy tibbiyot muassasalari, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish sharoiti mavjud boʻlgan avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuk tashish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan korxonalarda hamda agregatorlar tomonidan tashkil qilingan maxsus tekshiruv punktlarida oylik tibbiy koʻrikdan oʻtish, “Akkreditatsiya markazi” DUKda akkreditatsiyadan oʻtgan va “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga ulangan texnik xizmat koʻrsatish stantsiyalarida 6 oyda kamida 1 marotaba texnik koʻrikdan oʻtish. v) agregatorlik xizmatlarini koʻrsatish shartlari etib, mijozlarni izlash boʻyicha maxsus dasturlarni Davlat soliq qoʻmitasining elektron axborot bazasi hamda “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga integratsiyalash, oʻz xizmatlarini faqatgina yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksilarga yoki yakka tartibdagi tashuvchi sifatida yoʻlovchi tashishni amalga oshirishga litsenziya varaqasiga ega boʻlgan shaxslarga koʻrsatish kabilar kiradi.
Yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksilarga: yoʻlovchilarni olish va tushirish maqsadida “Toʻxtash taʼqiqlangan” yoʻl belgisi amal qilish hududida, shu jumladan, aeroport va vokzallarga tutash hududlarda toʻxtash, mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida boʻlgan aeroportlar, temir yoʻl vokzallari, avtovokzallar, qurilish mollari, dehqon va buyum bozorlari hamda savdo majmualarining pullik toʻxtash joylariga yoʻlovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirish, yoʻnalishli transport vositalari uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yoʻlagi boʻylab harakatlanishga ruxsat etiladi.
A.Tursunboyev, tuman Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶