YoNGʻIN XAVFSIZLIGI XIZMATINI KOʻRSATISh UChUN PUL TOʻLASh MAJBURIY EMAS
Yongʻin va uning oldini olish bilan bogʻliq biron bir toʻlab borilishi shart boʻlgan kommunal toʻlov yoki soliq qonunchilikda mavjud emas.
Soʻnggi yillarda, asosan kuz-qish mavsumi boshlanishida aholi xonadonlariga maxsus formali kiyim bosh kiygan yoki shunday kiyimga juda oʻxshash kiyimdagi shaxslar borib, oʻzlarini “davlat yongʻin nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirayotgani uchramoqda. Ular aldov yoʻli bilan har bir xonadondan majburiy tarzda berilishi kerak deb, soliq yoki kommunal toʻlov sifatida yillik 20 ming, 40 ming soʻm atrofida noqonuniy tarzda pul yigʻishmoqda.
Ushbu harakatlar turli xil shaklda tashkil etilgan boʻlib, asosan nomida “yongʻin”, “olov”, “yongʻinga qarshi ”, “koʻngilli yongʻin oʻchiruvchi” kabi soʻzlardan iborat boʻlgan va yongʻinning oldini olish aks etgan turli xil ramzlar tushirilgan muhr-shtamplardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik subʼektlari tomonidan amalga oshirib kelinayotganligi maʼlum boʻldi. Lekin agar xonadon egasi rozi boʻlsa, ularga soʻralgan mablagʻlarni tegishli tartibda hujjatlashtirilib, xizmat koʻrsatganlaridan soʻnggina berish joiz hisoblanadi. Albatta, bu ham majburiy emas.
Zero, fuqarolar majburiy tarzda quyidagi kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni belgilangan tartibda toʻlab borishlari lozim:
1. Sovuq suv taʼminoti;
2. Issiq suv taʼminoti (koʻp qavatli uylarda);
3. Elektr taʼminoti;
4. Gaz taʼminoti;
5. Issiqlik taʼminoti (koʻp qavatli uylarda);
6. Kanalizatsiya (isteʼmolchi ulangan boʻlsa);
Vaxolanki, yongʻin va uning oldini olish bilan bogʻliq biron bir toʻlab borilishi shart boʻlgan kommunal toʻlov yoki soliq qonunchilikda mavjud emas.
Xonadoningizga maxsus kiyim kiyib, biz yongʻinga qarshi kurashish boʻlimidanmiz, deb kelgan har qanday shaxsga ishonmang va oʻz qoʻllaringiz bilan firibgarlarga pul berib, chuv tushib oʻtirmang. Bu kabi holatlardan ehtiyot boʻling va oʻz huquqingizni himoya qiling.
H.Haytimbetov, tuman Favqulodda Vaziyatlar boʻlimi inspektori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶