“AYoLLAR DAFTARI” ROʻYXATIDAGI XOTIN-QIZLARGA HUQUQIY MASLAHATLAR BERILDI
Yurtimizda ayol-qizlar manfaatlarini taʼminlash, jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishiga aylandi. Ijtimoiy himoya qilish, muammolari bartaraf etilishiga koʻmaklashish, qoʻllab-quvvatlash, isteʼdod va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, mehnatini ragʻbatlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilib, ushbu vazifalar ijrosini taʼminlashning huquqiy asoslari yaratildi. Ayniqsa, xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va manzilli hal etish maqsadida “ayollar daftari” joriy etilgani bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Amudaryo tumanida ham ushbu daftar asosida ayollarni ish bilan taʼminlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrilib, tizimli ishlar olib borilmoqda.
Amudaryo tumanining Bogʻ mahallasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning kundalik hayotida qiynab kelayotgan turli sohalarga doir muammolarini aniqlash va ularga huquqiy yechim topish, huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi. Adliya boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan ushbu sayyor qabulda boʻlim boshligʻi Moʻminjon Matyusupov hamda fuqarolar yigʻini masʼullari ishtirok etdilar.
Taʼkidlash kerakki, tuman prokurori rahbarlik qilayotgan ushbu sektor hududida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda “Ayollar daftari” asosida ishlash tizimini joriy etish va daftarga kiritilganlar bilan birma-bir muloqot qilish, ularning ehtiyojlarini aniqlash, taklif va qiziqishlarini oʻrganish, amaliy yordamlar berish boʻyicha manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʻir, ishsiz, kasb-hunarga ega boʻlmagan, tibbiy yordamga hamda huquqiy-psixologik maslahatlarga muxtoj boʻlgan 602 nafar xotin-qizlar roʻyxati shakllantirilib, “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. Shu paytga qadar bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida roʻyxatdagi barcha ayol-qizlarga turli yoʻnalishlardagi yordamlar koʻrsatildi.
Roʻyxatdagi 188 nafar xotin-qizlarga doimiy va haq toʻlanadigan jamoat ishlariga joylashtirish, oʻzini-oʻzi band qilish va subsidiyalar ajratish orqali bandligi taʼminlandi. Mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga 77 nafar xotin-qizlar oʻqitilib, sertifikatlar berildi. Shuningdek, 42 nafar boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand, 21 nafar ijtimoiy yordamga muxtoj nogironligi boʻlgan ayollar, 6 nafar qaramogʻida bir va undan ortiq nogironligi boʻlgan bolalari mavjud yolgʻiz ayollarning har biriga 490 ming soʻmdan jami 30 mln. 870 ming soʻm miqdorida moddiy yordam pullari “Ayollar daftari” jamgʻarmasi hisobidan toʻlab berildi.
Sayyor qabul davomida bu borada batafsil maʼlumot berib oʻtilganidan soʻng, mahalla xotin-qizlarining huquqiy masalalarga oid va kundalik turmush tarzida yuzaga kelayotgan muammolariga oid murojaatlari tinglandi. Murojaatlar asosan nogironlikka chiqish, pasport olish, nikohdan ajratish va nikohni qayd qilish kabi masalalariga doir boʻldi.
Masʼullar tomonidan murojaatlarning ayrimlariga joyida huquqiy tushuntirishlar berilgan boʻlsa, ayrimlari boʻlim ish yurituviga qabul qilinib, oʻrganish ishlari boshlab yuborildi.
M.Matyusupov, tuman Adliya boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶