HUDUDIY YIGʻMA KOMANDANING FAVQULODDA VAZIYaTLARGA DOIMIY ShAYLIGINI TAʼMINLASh MAQSADIDA OʻQUV MAShGʻULOTI TAShKIL ETILDI
Yurtimizda yaqin kunlar ichida boʻlib oʻtadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar, yaʼni yongʻin va shu kabi boshqa hodisalarning oldini olish uchun hududiy yigʻma komanda kuch va vositalarining doimiy shayligini, tayyorgarligini taʼminlash maqsadida oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.
Shu yil 14-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan ushbu tadbir Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi – Fuqaro muhofazasi boshligʻining tegishli buyrugʻiga asosan tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy yigʻma komandasiga tumandagi 16 ta tashkilotdan 19 ta turli rusumdagi maxsus va muhandislik texnikalari, 80 nafar shaxsiy tarkib jalb etildi. Tadbir boshlanishida “Yigʻin” signali berish orqali hududiy yigʻma komandaning kuch va vositalari shayligi, ularni belgilangan joyga yetib kelishlari tayyorgarlikdan oʻtkazildi.
“Yigʻin” signali soat 09:30 da berilganidan soʻng, tumandagi tegishli tashkilot va korxonalardan 9 ta yuk mashinasi va boshqa texnikalar, 46 nafar shaxsiy tarkib soat 10:40 da, yaʼni 1 soatu 10 daqiqada yetib kelib, tuman hokimligi oldidagi avtoturargohga saflandi.
Shundan soʻng, “Saf koʻrigi”ni oʻtkazish orqali yigʻma komanda tarkibidagi kuch va vositalarning, shaxsiy tarkibning maxsus kiyim bosh, shaxsiy himoya vositalari va asbob-anjomlar bilan taʼminlanganligi, texnikalarning texnik holati, ularning favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlik darajasi tekshirib koʻrildi. Shaxsiy tarkib va texnikalar nazoratdan oʻtkazilganida, yigʻma komanda tarkibida taʼmirlash zvenosi tashkil etilmaganligi aniqlandi. Shuningdek, yigʻma komanda tarkibida vodavoz, avtokran muhandislik texnikalari mavjud boʻlsa ham saf koʻrigiga qatnashmaganligi maʼlum boʻldi.
Tadbir davomida jamlangan texnikalarning sozligi, texnikalarning tegishliligi boʻyicha hujjatlari, yoʻl varaqlari va oʻz vaqtida belgilangan manzilga yetib kelishi kabilar ham tekshiruvdan oʻtkazildi. Guruhlar va zvenolar shaxsiy tarkibining funktsional vazifalarini bilish darajasi toʻgʻridan-toʻgʻri ogʻzaki savol-javoblar orqali oʻrganildi. Oʻrganishlar davomida jamlangan shaxsiy tarkibning 65 foizi funktsional vazifalarini bilishi aniqlandi.
Undan tashqari, saf koʻrigi davomida tuman hokimligi rahbariyati, yigʻma komanda komandiri hamda komanda tarkibiga kiritilgan korxona va tashkilotlar rahbarlariga shaxsiy tarkibni tegishli Nizom talablaridan kelib chiqqan holda maxsus kiyim bosh, shaxsiy himoya vositalari, asbob-anjomlar va uskunalar bilan yetarli darajada taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar va tushunchalar berildi.
Shuningdek, yigʻma komandaning fuqaro muhofazasi tuzilmalari va ular tuziladigan tashkilotlarni belgilash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 2-ilovasiga muvofiq kuch va vositalar bilan jamlanganligi holati ham oʻrganildi. Oʻrganish davomida yigʻma komandani tashkil etishda namunaviy tashkiliy-shtat strukturasiga rioya etilmaganligi aniqlandi.
Oʻquv mashgʻulot tadbiri yakunida tuman Fuqaro muhofazasi hududiy yigʻma komandasi kuch va vositalari hududda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga cheklangan tayyor deb baholandi.
Gʻ.Oʻralov, tuman FVB boshligʻi oʻrinbosari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶