EZGU MAQSADLAR YOʻLIDA
Soʻnggi yillarda tumanimiz ovul va mahallalari obod va farovon goʻshalarga aylanib bormoqda. Tumandagi Bobur nomli ovul hududida yashovchi aholi doimiy turgʻun xalq boʻlib, mazkur qishloqning oʻziga xos tarixi, taraqqiyot tamoyillari mavjud.
Ovuldagi 1223 ta oilaga birlashgan 4521 nafar aholining asosiy qismi oʻzbek millatiga mansub boʻlsa-da, ushbu tabiati oʻziga xos, betakror zaminni jonday aziz Vatan bilib, shu el obodonligi yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan qoraqalpoq, qozoq, turkman, boshqird millatlarining xuddi bir oila farzandlariday ahil-inoqligi tahsinga munosib.
Ayni paytda hududda istiqomat qiluvchi aholining 1811 nafari tumandagi turli korxona va tashkilotlarda mehnat qilishadi. 113 nafar kishi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadi. Xususan, 27 nafar kishi savdo-sotiq yoʻnalishida, aholining 23 nafari chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik yoʻnalishlarida, 34 nafari tadbirkorlikning boshqa sohalarida oʻz faoliyatlarini yoʻlga qoʻyishgan.
Aholining asosiy qismi hududdagi 9 ta fermer xoʻjaliklarida ijara-shartnomalari asosida mehnat qilishadi. Aholi farzandlarining munosib taʼlim-tarbiya olishlari uchun 3 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti va 3 ta umumtaʼlim maktabida barcha sharoitlar yaratilgan. Zamon talablari darajasida jihozlangan madaniyat markazi, sport maydonchalari, maktablar huzuridagi va mahallalardagi kutubxonalarda zarur shart-sharoitlar mavjud.
Shuningdek, Seytovul, Nukusovul, Qoʻngʻirotovul mahallalarida 9 ta savdo shoxobchalari, 2 ta dorixona, oilaviy poliklinika xizmatidan aholi mamnun.
Qishloqdagi 823 ta xonadonning oʻz tomorqa yeri bor. Tomorqa yer egalari umumiy 110 gektar maydonda dehqonchilik qilishadi. Shundan 216 ta xonadonning dala tomorqa xoʻjaligi mavjud. Deyarli har bir tomorqa xoʻjaligiga ega xonadonning oʻz chorvasi, parrandasi bor. Hudud aholisining 175 nafari esa asalarichilikni yoʻlga qoʻyishgan. 22 ta xonadonda esa yengil sigʻimli issiqxona tashkil etilgan.
Soʻnggi yillarda qishloqda bir necha infratuzilma obʼektlari qurilib, keng koʻlamli obodonlashtirish-koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xususan, qishloqning markaziy koʻchasiga tungi chiroqlar oʻrnatilib, tuman markaziga avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, aholiga 2 ta tozalangan suv yetkazib berish, 1 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Qoʻngʻirotovul mahallasi hududida yangi imorat qurib, koʻchib oʻtgan 27 ta xonadon tomorqalarini suv bilan taʼminlash uchun yangidan ariq qazib berilib, hududni yashil makonga aylantirish maqsadida 211 tup igna bargli daraxt koʻchatlari oʻtqazildi, 1 ta xususiy MTT ishga tushirilib, Seytovul mahallasiga yangidan imorat qurib, koʻchib kelgan aholiga qulaylik yaratilib, yoʻllar tartibga keltirildi. Qoʻngʻirotovul mahallasidagi 2 ta yangi koʻcha tartibga keltirildi va salkam bir chaqirim uzunlikdagi yoʻl koʻtarilib, shagʻal-tosh yotqizildi.
Ijodiy guruhimiz bilan alyuminiydan deraza va eshik romlarini ishlab chiqarish, issiq non yopish, mebel mahsulotlari ishlab chiqarish, issiqxona faoliyatini yoʻlga qoʻyib, eldoshlari uchun zarur qulayliklar yaratib, munosib xizmatlari orqali xalq olqishiga sazovor boʻlayotgan tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Xususan, alyuminiydan deraza va eshik romlarini ishlab chiqarish orqali eldoshlari uchun qulaylik, oilasi uchun zarur daromad manbaini yaratgan tadbirkor O.Yerjanov oila aʼzolari va shogirdlari bilan birgalikda ishlab chiqarayotgan zamonaviy eshik va deraza romlari sifatliligi hamda koʻrkamligi bilan xaridorgir.
“Bahrom-Lolagul” koʻptarmoqli MChJ rahbari B.Yoʻldoshev ham oʻz tadbirkorlik faoliyati bilan hamqishloqlarining hurmatiga sazovor boʻlgan.

Tadbirkor T.Qulimbetov esa qoʻli gul usta. U yasagan mebel jihozlarining xaridorlari ham talaygina. T.Qulimbetov va uning shogirdlari tayyorlagan turli bichimdagi uy jihozlari, avvalo hamqishloqlarining, qolaversa, tumanimizdagi koʻplab mijozlarining xonadonlari koʻrkiga-koʻrk qoʻshib turganidan xursand.
Qishloqda keksa avlod vakillariga alohida ehtirom koʻrsatilib, ularning ahvolidan tez-tez xabar olib turiladi. Hayotining eng navqiron davrini el-yurt farovonligi yoʻlida xizmat qilishdek sharafli ishga bagʻishlagan, Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida katta yoshlilar bilan birga mehnat qilgan 90 yoshli Karimboy ota Quliboyev hamda Omongul momo Seyitmamutovalar bugungi kunda hamqishloqlarining faxr-u iftixoriga aylanishgan.
Yana bir tadbirkor N.Qulimbetov xonadonida boʻlsangiz, albatta, sizni qishin-yozin xushboʻy limonli choy bilan siylashadi. Oʻz tomorqa yerida 3,5 sotix yengil sigʻimli issiqxona xoʻjaligini tashkil qilgan Nizomaddin ogʻa 50 tup noyob limon ham oʻstirgan.
Qishloqdagi 86-sonli maktabning matematika fani oʻqituvchisi Q.Soburov esa ovul yoshlarining yetuk va bilimdon insonlar boʻlib yetishishlarini taʼminlash orzusida maktabda matematika toʻgaragini tashkil qilgan.
Yana bir fidoyi tadbirkor M.Samandarova oʻzining chevarlik hunari bilan hamqishloqlarining talab va ehtiyojlariga munosib xizmat koʻrsatayotganidan mamnun.
Bugungi kunda Bobur nomli goʻzal bu qishloq ahli ana shunday fidoyi, biri-biridan mehnatkash, elim, yurtim, oilam baxti, farovonligi deb yashab, mehnat qilayotgan farzandlari borligidan mamnun va minnatdor yashashga haqli. Chunki bu qishloqning har bir xonadoni, har qarich yeri ular uchun aziz, muqaddas. Ana shu tuygʻu qishloq ahlini yanada ezgu maqsadlar sari undayveradi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶