Gender zoʻravonlikka uchragan ayollarga psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha seminar-trening oʻtkazildi
Gender zoʻravonlik geografik, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegara bilmaydi. Rivojlanayotgan, rivojlangan mamlakatlarda ham bu muammoga barham berish jiddiy choralar koʻrishni talab qiladi. Birlashgan Millatlar tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta boʻlsa ham, jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlikka uchramoqda.
Mamlakatimizda ayollarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish, zoʻravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish boʻyicha qator aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ayollarga ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik yordam koʻrsatishda masʼul tashkilotlar tomonidan oʻtkazilayotgan trening mashgʻulotlarining ahamiyati katta.
20-dekabr kuni Amudaryo tumanidagi 16-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida ham gender zoʻravonlikka uchragan ayollarga psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha seminar-trening mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Seminar-treningda Amudaryo tumani Xalq taʼlimi boʻlimi psixolog-metodisti, Tatyana Pirlepesova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimbaychiyeva, Xotin-qizlar masalalari boʻyicha profilaktika inspektori Gavhar Oʻtemuratova va trener, 27-maktab psixologi, Mavluda Toʻrayeva hamda 45 nafar psixologlar qatnashdilar.
Seminar-treningni 27-maktab psixologi Mavluda Toʻrayeva olib bordi. Mazkur treningda qatnashchilar gender zoʻravonligi boʻyicha asosiy tushunchalar, zoʻravonlikning jabrlanuvchisi, sabablari va oqibatlari, bunday holatlarga javoban choralar taqdim etish mexanizmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlibgina qolmasdan, jabrlanuvchi bilan ishlash usullarini amaliyotda qoʻllash boʻyicha oʻz malakalarini oshirdilar.
Bundan tashqari, maktab psixologlariga oʻsmir yoshidagi oʻquvchi qizlarning ruhiyati va ichki dunyosini bilish va shu asosda muomala qilish borasida maʼlumotlar berildi.
Maʼlumki, oʻsmir yoshdagi qizlarning oʻzlariga boʻlgan ishonchi ularning rivojlanishi va baxtli hayoti uchun juda muhimdir. Ayol- qizlarning jamiyatdagi maqomi esa jamiyatning rivojlanishi bilan chambarchas bogʻliqdir.
Seminarda zoʻravonlikka uchragan ayollarning stress alomatlari turlari, asab tizimi holati, stressning oldini olish va davolash, stressga olib keluvchi omilga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir oʻtkazish, stressli vaziyatning asl sababi nimada ekanligini aniqlash, ushbu vaziyatni oʻzgartira olishni baholash kabi koʻplab fikrlar bayon etildi.
Shundan soʻng, psixologlar trening davomida bir birlari bilan tajriba almashishdi. Bunday seminar-treninglarni oʻtkazishdan maqsad, ayollarimizni himoya qilish, huquqlarini kafolatlash, ishsiz ayol-qizlarda motivattsiya uygʻotib, ularda kasbiy koʻnikmalarni shakillantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy, moliyaviy koʻmak berish, umuman, ayol-qizlarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishdan iboratdir. Seminarda ishtirok etgan maktab psixologlari gender zoʻravonlikka uchragan ayollarga psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha bilimlarni yanada mustahkamladilar. Seminar oʻzaro fikr almashish va savol-javoblar bilan davom etdi.
Fotima Eshimbetova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶