PROFESSOR MATChONOV OLIMJON DAVLATBOYeVICh OʻZI TAHSIL OLGAN 29-SONLI MAKTAB OʻQUVChILARI VA SOBIQ USTOZLARI BILAN UChRAShDI
Insonning xotirasidan koʻp narsalar, voqea-hodisalar oʻchib ketishi mumkin. Lekin bolalik, oʻsmirlik va yoshlik damlari bilan bogʻliq unutilmas lahzalar borki, bu damlar bilan inson mangu xotiralar ogʻushiga takror va takror qaytaveradi. Ayniqsa, ilk taʼlim-tarbiya olgan maktabi, ustozlari bilan bogʻliq shirin xotiralar mangu uygʻoqdir va insonni bagʻriga chorlayveradi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi bioorganik kimyo amaliy texnologiyalar laboratoriyasi mudiri, kimyo fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Milliy Universitetining kimyo fakulteti oʻqituvchisi Matchonov Olimjon Davlatboyevich asli Amudaryo tumanidan. U tumanning Qangli ovulida tugʻilib-oʻsgan va ovuldagi 29-sonli umumtaʼlim maktabida tahsil olgan.
Olimjon Matchonov har gal oʻzi tugʻilib-oʻsgan ovulga kelganida, albatta, bolalik va yoshlik xotiralariga guvoh 29-sonli maktabga tashrif buyurib, bugungi avlod vakillari boʻlgan oʻquvchi-yoshlar bilan uchrashadi. Oʻzi taʼlim olgan sinfxonalarga kirib, maktab hayotiga oid oʻzgarishlar, taʼlim-tarbiya jarayonlari bilan yaqindan tanishadi.
Yangi yil bayrami arafasida Matchonov Olimjon Davlatboyevich 29-sonli maktabning sobiq direktori, qadrdon ustozi, ayni paytda 90 yoshga toʻlgan faxriy oʻqituvchi Durdiboy ota Yerdoshevning xonadonida boʻlib, aziz ustozini muborakbod etdi. Nuroniy ustoziga shogirdlik ehtiromi ila bayram sovgʻalarini topshirdi. Ustoz va shogird olis yillar xotiralarini esladilar. Hayotda erishgan yutuqlari, yangilanishlar, oʻzgarishlar haqida fikrlashdilar.
Shundan soʻng, Olimjon Matchonov 29-sonli maktabda boʻlib, oʻquvchi-yoshlar bilan uchrashdi, maktab kutubxonasiga kitoblar toʻplamini sovgʻa qildi. Uchrashuv tadbirida maktabning yuqori sinf oʻquvchilari, maktab oʻqituvchilari, faxriy ustozlar ishtirok etdilar. Sobiq oʻquvchi, ayni paytda Oʻzbekistonga, qolaversa, dunyodagi kimyogar olimlarga yaxshi tanish, kimyo fanlari doktori, professor darajasiga yetishgan Matchonov Olimjon Davlatboyevich yoshlarga ilm olish, oʻqib-oʻrganishning, ilmiy faoliyat yuritishning xalqimiz va Vatanimiz ravnaqi uchun beqiyos katta foydasi xususida soʻz yuritib, bugungi yosh maktabdosh doʻstlarini ilm choʻqqilarini egallash sari dadil qadamlar qoʻyishga chaqirdi.
Shundan soʻng, Qangli OFY raisi Rustam Xudoyorov, mehnat faxriysi Jangaboy Rajabov, professor Olimjon Matchonovning birinchi ustozi Sulton Avazmetov, faxriy ustoz Yoʻldosh Saparboyev hamda 29-sonli maktabning ayni paytdagi direktori Bahrom Saparovlar soʻzga chiqishib, 29-sonli maktabda taʼlim-tarbiya olgan, ayni paytda taniqli kimyogar olim darajasiga erishgan qanglilik professor Olimjon Matchonov bilan faxrlanishlarini taʼkidladilar.
Tadbirda professor Olimjon Matchonovning otasi Davlatboy ota Matchonov ham soʻzga chiqib, oʻgʻlining oʻquvchilik, talabalik yillari, tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borish, oʻqib-oʻrganish, olimlik darajasiga yetishish yoʻlidagi mashaqqatli mehnatlari, qiyinchiliklarni sabr-toqat va matonat bilan yengib oʻtgani haqida oʻquvchi-yoshlarga soʻzlab berdi. Uchrashuv tadbirida oʻquvchi-yoshlar professor Olimjon Matchonovga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va barcha savollariga batafsil javoblar oldilar.
Risolat IBRAGIMOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶