VATAN MUDOFAASIGA MUNOSIB HISSA QOʻShAMIZ
Oʻzbekiston Respublikasini 2017-2021-yillarda rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida Vatanimiz Mudofaa sohasi boʻyicha belgilangan vazifalarning ado etilishi, harbiy sohaning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilgan tizimli va strategik chora-tadbirlar tufayli milliy Armiyamizning jangovar shayligi va umuman, mamlakatimizning mudofaa qobiliyati oshdi. Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilgʻor innovatsiyalar keng tatbiq etilmoqda.
Shunisi eʼtiborliki, harbiy sohani yanada rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar eng avvalo xalqimizning tinchligi va xavfsizligini, osoyishtaligini saqlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu boisdan ham 14-yanvar – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topgan sana va Vatan himoyachilari kunini barcha yurtdoshlarimiz ulkan bayram qilishadi.
Joriy yil 14-yanvarda milliy Armiyamiz va Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganiga 30-yil toʻladi. Mamlakatimizning barcha hududlarida sana munosabati bilan turli bayram tadbirlari oʻtkazilmoqda, yoshlar koʻnglida milliy Armiyamizning salohiyatiga, qudratiga ishonch va hurmat ruhini tarbiyalash, Vatanimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini, xalqimizning tinch-osoyishtaligini sharaf bilan himoya qilib kelayotgan harbiylar hayoti bilan ularni yaqindan tanishtirish maqsadida oʻtkazilayotgan tadbirlar barcha ishtirokchilarda ulkan taassurotlar qoldirayapti, Vatan himoyasi har bir yigit uchun muqaddas burch ekanligi koʻngillariga teran joylanayapti.
Harbiy xizmat ostonasi hisoblanmish tuman Mudofaa boʻlimida ham milliy Armiyamiz saflarini ilmli, salohiyatli, kuchli va yurt uchun fidoyi yoshlar bilan butlash maqsadida yil davomida uzluksiz harakatlar olib boriladi. Natijada muddatli harbiy xizmatga eng munosib yigitlar saralanib, joʻnatilmoqda, muddatli harbiy xizmatga saralashda belgilangan meʼzonlarga javob bera olmagan, yoxud oʻzi ixtiyoriy ravishda safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilishni tanlagan yigitlar safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatiga olinmoqda.
Shuningdek, harbiy sohani tanlab, oliy harbiy bilim yurtlarda, “Temurbeklar maktabi”da oʻqish istagida boʻlgan yoshlarga yoʻllanmalar berilayapti.
Tuman Mudofaa ishlari boʻlimi muddatli harbiy xizmatdan zaxiraga boʻshatilgan yigitlar taqdiriga ham befarq emas. Ularning oʻz xohishlariga koʻra ishga joylashishlariga, munosib hayot kechirishlariga ham intilamiz va harakat qilamiz.
Insoniyat uchun tinchlik, osoyishtalikdan ham ulugʻ, bebaho neʼmat yoʻq. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan yuksak taraqqiyot, yangilanishlar, rivojlanishlar zamirida xalqimizning tinch-osuda hayoti, ertagi kuniga mustahkam ishonchi mujassamdir. Bu mamlakatimiz sarhadlarini ishonchli himoya qilib kelayotgan askarlarimiz fidoyiligi samarasi ekanligi barchaga ayon. Ular kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, qahraton sovuqda ham, jazirama issiqda ham oʻz postlarida sobit turib, osoyishtaligimizni koʻz qorachigʻiday asramoqdalar. Milliy armiyamiz harbiy vatanparvarlik, harbiy qurilish va harbiy sanoat sohasida dunyodagi eng ilgʻor tajribalarni qoʻllagan holda chegaralarimiz xavfsizligini taʼminlashning ishonchli kafolatiga aylangani barcha xalqlarning baxtidir.
Biz tuman Mudofaa ishlari boʻlimi xodimlari Milliy armiyamiz saflarini chuqur bilim va intellektual salohiyatga, oʻz muqaddas harbiy burchini ado etish yoʻlida qatʼiy iroda va mustahkam tayyorgarlikka ega, ona yurtimizga sadoqatli, mard oʻgʻlonlar bilan butlashga xizmat qilayotganimizdan, oʻquvchi-yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshayotganimizdan xursandmiz.
Aziz yurtdoshlar! 14-yanvar umumxalq bayramidir. Barchangizga ushbu qutlugʻ va sha-rafli kun muborak boʻlsin!
B.ATAKOV, tuman Mudofaa ishlari boʻlimi
boshligʻi, podpolkovnik.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶