YaKKA TARTIBDA UY-JOY QURISh UChUN YeR MAYDONLARI BELGILAGAN TARTIBDA AJRATILADI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2021-yil 6-noyabr kuni inauguratsiya marosimida nutq soʻzlab, yetti yoʻnalishdan iborat boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi”ning ikkinchi yoʻnalishida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar haqida toʻxtaldi. Kelgusida maʼmuriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishini, shuningdek, xususiy mulk ustivorligi qonunlarimizdagi asosiy tamoyil sifatida belgilanishini, davlat idorasi maʼlumotiga ishonib, mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqi buzilmasligi taʼminlanishini taʼkidlab oʻtdi.
Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish orqali kelgusida yer egalarining mulkiy huquqlari kafolatlanadi, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng va shaffof tartibi joriy etiladi.
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydonlarini ajratish toʻgʻrisidagi qarorlar, shuningdek, ushbu sohada hokimlik va boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining harakat yoki harakatsizligini qonunga xilof deb topish bilan bogʻliq ishlar maʼmuriy sudlarga taalluqli boʻlganligi sababli, muqaddam fuqarolarga ushbu turdagi yer uchastkalarini ajratish tartibi va ushbu munosabatlarni tartibga solish uchun asos boʻlgan ayrim qonun hujjatlari haqida toʻxtalib oʻtamiz.
Soʻnggi yillarda yer bilan bogʻliq munosabatlarni samarali tartibga solish, yerlarni muhofaza qilishni takomillashtirish, yerga oid nizolarni oldini olish, bu borada fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada takomillashtirish, shuningdek, yer sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid muhim qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyun kungi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Ushbu Farmon bilan yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash, yerlarni muhofaza qilish va yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlashning yangi huquqiy asosi yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 16-avgustdagi “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga ham bir qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqi uchun davlat orderi huquqni belgilovchi hujjat boʻlib, u xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatini toʻlash toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirilganidan keyin bir ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʻlgan xususiy mulk huquqi unga boʻlgan huquq Koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga tegishli maʼlumotlarni elektron tarzda kiritish orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuzaga keladi. Yakka tartibdagi uy-joy deganda, bir yer uchastkasida joylashgan, doimiy yashash, dam olish va shaxsiy xoʻjalikni yuritishga moʻljallangan yordamchi-xoʻjalik imoratlari va hovlidagi inshootlar tegishli boʻlgan bir yoki bir necha turar joy imorati tushuniladi.
P.Doshmuradov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maʼmuriy sudi sudyasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶