VATANPARVAR BOBOKALONIMIZ AVLODLAR FAXRIDIR
Zahiriddin Muhammad Bobur adabiyotimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan siymolardan biridir. Bobur Mirzo shoir, adib, adabiyotshunos, donishmand, tilshunos, tabiatshunos, mantiq va riyoziyot ilmlaridan puxta xabardor, jamoat arbobi sifatida oʻzidan bebaho maʼnaviy meros qoldirdi.
Shoh Boburga Vatanida davru davron surish baxti nasib etmagan. Oʻz yurtiga sigʻmagan Bobur Hindistonga bosh olib ketdi. U hukmronlikka asos solganidan soʻng, ulugʻ sohibqiron Amir Temur avlodi boʻlmish Boburiylar Hind elida 300-yildan ortiq hukm surgan.
Bobur oʻz hukmronligi davrida turli diniy qarama-qarshilikka mutlaqo yoʻl qoʻymadi va nohaq qon toʻkishlarning oldini oldi. Hindiston tadqiqotchilari topgan yana bir hujjatga koʻra, Bobur oʻlimidan toʻrt oy ilgari hind va musulmonlar oʻrtasidagi diniy tafovutga barham berish maqsadida yangi tartiblar joriy qilgan. Bu – oʻsha davr sharoiti uchun oʻta muhim tadbir edi. Hindistonning XX asrdagi buyuk davlat arbobi Javoharlaʼl Neru ham “Hindistonning kashf qilinishi” nomli asarida “Jahon tarixiga nazar” nomli rus tilida chop qilingan 3-jildli asarida Hindiston xalqlari tarixining asosiy davrlariga va buyuk shaxslar faoliyatiga baho berar ekan, Boburning mana shu ulugʻ fazilatlarini koʻp taʼkidlaydi.
Garchi, bu yurtda shoh boʻlsa-da, bobokalonimiz oʻz Vatani hajrida yashadi. Shu bois uning asarlarining aksariyati ona yurt madhiga bagʻishlangan. Bobur Mirzo jisman Vatandan uzilgan boʻlsada, u ruhan Vatan bilan yashab oʻtdi.
Mirzo Boburdan bizga ulkan adabiy meros qoldi. Adabiyot darslarida nomlari butun jahonga yoyilgan buyuk bobolarimiz ijodi bilan oʻquvchilarni tanishtirar ekanmiz, ularning Vatan va millat, maʼnaviyat va maʼrifat haqidagi oʻtli satrlari oʻquvchilarni befarq qoldirmaydi.
Bobur ijodini oʻrgatish orqali biz farzandlarimizni Vatanni sevishga, uning har bir qarich yerini asrab-avaylashga, Vatanga munosib farzand boʻlishga chaqiramiz. Ishonamizki, tarbiyalayotgan farzandlarimiz Vatanga sodiq, komil insonlar boʻlib yetishadilar. Zero, Vatanni qadrlash, eʼzozlash, uning shodligi va qaygʻu-hasratiga sherik boʻlish har bir insonning burchi hisoblanadi.
Istaymizki, yoshlarimiz oʻz Vatanini sevsin, uning dardi bilan yashasin, u bilan faxrlansin va ulardan Bobur kabi buyuk shaxslar yetishib chiqsin!
Umida Jumaniyozova,
36-sonli maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶