IMKONIYaTI ChEKLANGAN YoShLARGA MUNOSIB ShAROITLAR YaRATILMOQDA
Insonlar oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibat, birodarlik barqaror boʻlishi uchun kurashish, begʻaraz yordam berish xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir. Shuningdek, imkoniyati cheklanganlarga koʻmaklashish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, imkon darajasida mehnatga jalb qilish, hayotimizning barcha jabhalarida faol ishtirok etishlariga sharoit yaratish, ularning haq- huquqlarini himoya qilishda Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati koʻpgina saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Jamiyatning tuman boʻlinmasida ham tumanimizda istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, holidan xabar olib, moddiy-maʼnaviy koʻmak berish kabi savobli ishlar doimiy olib borilmoqda.
Avvalo shuni taʼkidlash kerakki, oʻtgan yillar mobaynida boʻlinma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi taʼsis etgan grant tanlovlarida oʻzining imkoniyati cheklangan fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish, oʻqitish va malakasini oshirish kabi bir necha loyihalari bilan qatnashib, gʻolib boʻldi va muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Natijada tumanimizda imkoniyati cheklangan yoshlarga oʻzlarining qobiliyatlarini namoyish etishlariga sharoit yaratildi, kutubxona tashkil etilib, ilk bor koʻzi ojiz fuqarolar uchun ham kitoblar keltirildi, tikuvchilik tsexi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
2021-yil davomida ham Nogironlar jamiyati tuman boʻlinmasi hisobida turadigan, nogironligi boʻlganlarning jamiyatimizga faol aralashuviga erishishga, islohotlarda daxldorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Yil mobaynida ular uchun 7-marta madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi, 5-marta turli sport musobqalari tashkil etildi, 2 nafar mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega boʻlmaganlarga nogironlik aravachasi topshirildi, 182 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar berildi. Shuningdek, ikki nafar nogironligi boʻlgan qizlar Nukus shahrida oʻtkazilgan “Biz birgamiz” deb nomlangan tadbirda boʻlinma nomidan qatnashib, oʻzlarining hunarmandchilik namunalari koʻrgazmasini namoyish etib, ulkan taassurotlar bilan qaytdi.
Boʻlinma Nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan “Yangi Renessans ishtirokchilari” grant tanlovida “Jismoniy imkoniyati cheklangan oʻsmirlar va yoshlarni intellektual mehnat faoliyatiga jalb qilish” nomli loyihasi bilan qatnashib, gʻolib boʻldi.
Albatta, bu yutuq kelgusida boʻlinmada jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning oʻz iqtidorlarini namoyon etishlariga koʻmaklashish, intellektual mehnat faoliyatiga jalb etish borasida koʻpgina imkoniyatlar yaratilishiga asos boʻladi.
Aslida boʻlinma faoliyati jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning toʻlaqonli baxtiyor yashashlariga, ularning ham hech kimdan kam boʻlmay, oʻqib-ilm olib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlariga sharoit yaratish, zarur hollarda moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgandir.
Nilufar XOLBOYeVA, Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman boʻlinmasi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶