AYoLNI EʼZOZLASh – BARChAMIZNING BURChIMIZ
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi tub islohotlardan pirovard maqsad, eng avvalo, inson huquq va manfaatlarini toʻliq roʻyobga chiqarishdan iboratdir. Bu oʻrinda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning oʻz imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Oʻzbekiston tarixida ilk bor 2019-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlar qabul qilindi. Ushbu qonun hujjatlari xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni ham tartibga soladi. Tazyiq va zoʻravonlikni boshidan oʻtkazgan shaxslarni himoya qilish, jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning har qanday shakliga murosasiz muhitni qaror toptirishga xizmat qiladi.
Yurtimizda, ayniqsa zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi negizida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy boʻlimlari ham tashkil etilgani bu boradagi eʼtiborga loyiq ishlardan biri boʻldi. Avvallari jamoatchilik asosida faoliyat yuritgan markaz tumanlararo muassasaga aylantirilganidan keyin davlat tomonidan moliyalashtirildi.
Ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy markazi va namunali tumanlararo markazlar faoliyat yuritmoqda. Respublikaning 4 ta tumani qamrab olingan markazdan biri Amudaryoda tashkil etilgan boʻlib, ayni paytda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordamlar koʻrsatib kelinmoqda. Markazda har bir murojaatchi bilan jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan psixolog Mavluda Toʻrayeva induvidual shugʻullanib, ogʻir holatlardagi xotin-qizlarni stressdan chiqarish borasida psixologik mashgʻulotlar oʻtaydi, foydali maslahatlar, tavsiyalar bermoqda.
Markaz faoliyatiga yuristlar, psixologlar va ijtimoiy xodimlar jamoatchilik asosida jalb qilingan. Shuningdek, bu yerda anonimlik, axborotning maxfiyligi, kasbiy mahorat va xavfsizlik tamoyillari asosida ham ayollarga ruhiy koʻmak berib kelinmoqda.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo markaziga joriy yilning oʻtgan 2 oyi davomida 37 nafar shaxsdan murojaat kelib tushdi. Shundan 3 ta murojaat 1146 ishonch telefoni orqali kelib tushgan boʻlsa, 2020-yil davomida bu koʻrsatkich 42 tani, 2021-yil davomida esa 65 tani tashkil qilgan.
Ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirish borasida tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, “Ayol baxtli boʻlsa, jamiyat baxtli boʻladi”, degan ezgu qarash hayotimiz qoidasiga aylanishi uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak. Chunki ayol nafaqat oilalar, balki butun yurt tayanchi, fayzidir. Ularni eʼzozlash barchamizning burchimiz.
Gavhar Chimbaychiyeva,
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo markazi direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶