MILLATLAR BIRLAShIB UMMON BOʻLADI
Havasga munosib ahillik
Hayot juda goʻzal, undan bahra olib yashash yanada gashtli. Atrofimizda roʻy berayotgan buyuk oʻzgarishlar ishtirokchisi boʻlish esa – baxt. Ana shu baxtdan bahramandlik tuygʻusi qalblarimizga xotirjamlik baxsh etadi. Xotirjamlik - tinchlik, totuvlik mevasi...
Tonggi namoz ibodatini ado etgan (Alloh rahmat qilsin) onam ohista pichirlaydi:
- Ilohim yurtimiz tinch, xalqimiz omon, farzandlarimiz sogʻlom, barkamol boʻlsin!
Beixtiyor qoʻllarimizni duoga ochib, onajonimning tilaklariga qoʻshilamiz, bir hovuch duoni goʻyo boshlarimizdan toʻkib, tinchlik neʼmatiga shukrona keltiramiz...
Bolaligimizdan bizga hamroh boʻlgan bu tonggi tilaklar hamon har tong dilimizdan tilimizga koʻchadi. Koʻchaveradi. Avval momolarimiz, soʻngra onajonlarimiz Yaratgandan soʻragan tonggi tilaklar endi bizning tilimizda jarang sochayotir.
Vaqt – yugurik, umr – oqar daryo. Vaqt izmi, daryoday goh sokin, goh joʻshqin oqib borayotgan umr lahzalari tinchlik, xotirjamlik ato etganidan dillarda shukr, tillarda shukr, har bir kunimizda shukr, tinchlik neʼmatidan koʻkraklar baland!
Bu tinchlik xalqimiz, barcha xalqlar uchun oʻz-oʻzidan kelgani yoʻq. Toki tonglarimizga osudalik, koʻngillarimizga xotirjamlik kirib kelgunga qadar xalqimiz azob-uqubatlar iskanjasida yashadi. Oʻzi non yopib, qorni nonga toʻymadi, boʻzchi belbogʻga yolchimadi, bogʻbon sarxil mevalar taʼmini totmadi. Neki ogʻir mehnat boʻlsa, yelkaladi, boriga shukr, yoʻgʻiga qanoat qilib yashadi xalq. Eng ogʻir damlarda ham biri-birining koʻngil qoʻrgʻonini buzmadi, Oʻzbekiston degan bagʻri keng yurtga bagʻrini bosib yashadi xalq!
Hayot soʻqmoqlari hamisha ravon boʻlmagan. Qiyinchiliklar, azob-uqubatlar, surgunlar, qatagʻonlar, urushlar zahrini totaverib bagʻri pora boʻlgan xalq uchun tinchlik – ota-onaday qadrli, jonday shirin aziz tuygʻu. Shuning uchun Oʻzbekistonda irqiy kamsitish, etnik boʻlinish, ayirmachiliklar yoʻq. 140 ga yaqin millat vakillari ahil va totuv yashayotganining sababi ham ogʻir kunlarda qoʻlni-qoʻlga berib, biri-biriga mehr nurini sochib, koʻngil-koʻngildan suv ichib, shu aziz tuproqqa ildiz otganligidan, Oʻzbekistonni umumiy uyimiz, deb qadrlaganidan!
Albatta, Oʻzbekistonda etnik oʻziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uygʻunlashtirish, xalqlar doʻstligini mustahkamlashda 137 ta milliy madaniy markazlarning oʻrni katta. Chunki mamlakatimizni oʻzlariga abadiy Vatan qilgan 140 ga yaqin millat va elatlarning moddiy-maʼnaviy qadriyatlarini asrab-avaylash, tili, dini, urf-odat va anʼanalariga hurmat nazari bilan qarash, orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning mazmun va mohiyati ham tinchlik, millatlararo totuvlik va doʻstlik anʼanalarining bardavomligi, mustahkamligini taʼminlashga qaratilgan.
Shuni alohida mamnuniyat bilan taʼkidlash kerakki, turli millat vakillariga hurmat va ehtirom, tinchlik, totuvlik, doʻstlik tamoyillari asosida faoliyat olib boruvchi milliy madaniy markazlar sobiq MDH davlatlarining birortasida ham yoʻq. Oʻzbekistonda esa xalqlar oʻrtasidagi mushtarak anʼanalar, oʻzaro bordi-keldilar ana shu milliy madaniy markazlar tomonidan amalga oshiriladi va bu hamisha el-u elatlarga, millatlarga manzur jihatlari bilan dunyo xalqlarining havasiga munosib.
Tinchlik oʻgʻrilari
Xalqimiz zakosi tufayli yaratilib, asrlar sinovidan oʻtgan bir haqiqat bor: “Osmonga tupursang, yuzingga tushadi”, deyishadi. Aslida aqli raso odam hech qachon osmonga tupurmaydi. Lekin baʼzan toʻqlikni koʻtaraolmagan, oʻzgalar nayrangiga uchgan kimsalar osmonga tupurishdan ham, hatto tosh otishdan ham qaytmasliklarini koʻp bora kuzatganmiz. Tupugi yuziga tushib, yuzi qora boʻlganlar-chi?
Tarixga nazar tashlasak, oyogʻi yerda-yu koʻngli osmonni koʻzlab, bir bora “tuf!” deb dunyoni oʻziga boʻysundirmoqchi boʻlgan qanchalab qalbi koʻr zolimlar oʻtganiga guvoh boʻlamiz. Firʼavn, Iskandar Zulqarnayn, Napoleon, Gitler... Ularning qalblarida “xalq” degan buyuk tushuncha, “xalq” degan buyuk birlik boʻlmagan. Butun fikri osmoq, otmoq, oʻldirmoq, jahonga hukmron boʻlmoq oʻyi bilan band boʻlgan bu amalparast kimsalar uchun doʻstlik, tinchlik, totuvlik degan tuygʻular tamoman begona, yagona maqsadlari esa xalqlarni oʻzlariga boʻysundirish, hatto goʻdak, qushni qul qilib, yanchib oʻtish edi. Gullab-yashnab turgan vatanlarni kultepaga aylantirib, neki yovuzlik boʻlsa, barini qilib, xalqni ezgan, tinchligini, halovatini poymol etib, oilasiga, ahli ayoliga, bolalariga xiyonatlar qilgani uchun ham ular umrbod yovuzlik timsoli sifatida tarixning qora sahifalariga yozilib qoldi.
Oyogʻi yerdan uzilgan, nafaqat tarix, balki yer yuzi millatlari, elatlar, xalqlar nafratiga duchor boʻlgan Adolf Gitlerning xalqlar baxtiga, tinchligiga qilgan tajovuzi, zulm-u istibdodi hamon dunyo xalqlari qalbini yaralaydi. Bu yara bitmaydi, asrlar, zamonlar oʻtaveradi, asrdan-asrga, zamonlarga zolim Gitler nomi bilan bogʻliq xunrezliklar, qalb yaralari tobora gazak olib, xalqlar nafrati bilan oʻtib boraveradi...
Fashistlar bosib olingan hududlarda okkupatsiya rejimi oʻrnatib, oʻzlarining boshqaruv usullarini “yangi tartib” deb atadi. Ana shu “yangi tartib” qoidalari asosida Chexoslovakiya va Polsha hududlarida oʻlim lagerlari tashkil etildi. Mazkur oʻlim lagerlarida 11 milliondan ziyod inson – dunyo xalqlarining asl farzandlari oʻldirildi. Asira ayollarning sochlaridan kemalar machtasi uchun arqonlar eshildi...
“Qalampir.uz” saytida eʼlon qilingan Sardor Alining “Johil” deb nomlangan maqolasida shunday satrlar bor: “... fashistlar bolalar terisidan ayollar sumkalari, qoʻlqoplar tayyorlashgan. odam yogʻidan sovun ishlab chiqarilgan, murdalarning jasadlari gazli pechlarda kuydirilib, oʻgʻit sifatida ekin maydonlariga sochilgan...”
Mana, nima uchun dunyo xalqlari fashizmga laʼnat oʻqimoqdan bir lahza ham toʻxtamaydi. Cheki-chegarasi yoʻq zulmkor siyosat tufayli millionlab millatlar, elatlar erki toptaldi, tinchligi, baxti oʻgʻirlandi.
Har yili Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush koʻrgan, xalqlar tinchligi uchun kurashgan bobolar, urush ortida, mehnat frontida fidoyilik qilgan momolar, urush bolalari boʻlgan otaxon va onaxonlar bilan uchrashib, muloqotda boʻlamiz.
- Aslini olganda, barchamizning ildizimiz bir xalqlarmiz, - deyishadi xuddi oʻylashib olishganday. – Bir-birovga nari tur, deyish – gunoh!
- Umrim bino boʻlibdiki, shu Amu elining Xolimbegida yashayman, - deydi Daryoboy ogʻa Toʻyliyev. – Menga bir inson turkmansan, deganini eslayolmayman. Toʻgʻrisi, oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq doʻstlarimsiz hayotimda maʼni boʻladimi?
Daryoboy ogʻa Toʻyliyev va Durdigul eje Geldiyevaning oilasi esa xalqlar doʻstligining, millatlar totuvligining haqiqiy timsoli – oʻzbek, qoraqalpoq, turkman millatlariga mansub kelinlarning odob-u ikromi, oʻzaro mehr-muhabbatlari havasga loyiq.
Birgina Xolimbeg ovulining oʻzida oʻzbek, turkman, qozoq, qoraqalpoq, rus, ukrain, tatar millatlariga mansub oilalar vakillarining tinch-totuv, ahil yashab, biri-biridan aqlli, mehnatkash oʻgʻil-qizlarni tarbiyalashayotgani koʻngillarning yorugʻligidan, millatlar, xalqlar doʻstligining boqiy va qudratliligidan dalolat.
Nukus voqealari sodir boʻlgan kunlarda mening ikki farzandim – oʻgʻlim va qizim oʻsha yerda edi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir toʻda olomonni oʻziga qaratib tenglik, tinchlik toʻgʻrisida oldi-qochdi maʼruza qilayotgan kimsaning ketidan ergashib, oʻz xalqiga qarata tosh otayotgan, milliy gvardiya ustiga bostirib borib, talotoʻplar uyushtirayotganlarni koʻrib, tun boʻyi uxlamay, Allohga iltijolar bilan tong ottirdim. Nafaqat men, balki butun oila, hatto nevaralarim ham Nukus shahrida boʻlib turgan jigarbandlarimizni qaygʻurib, tunni tongga uladik. Olov ichidagi avtomobillar, qora tutun burqsib turgan Nukus koʻchalari, qiy-chuv koʻtarib, hukumat idorasiga bostirib borgan olomon – nazarimda xalqimizning tinchligi, baxt-u saodati, imkonlarini koʻrolmagan gʻarazli niyatdagi dushmanlar firibiga uchgan, adashgan kimsalar edilar. Axir qachon qoraqalpoq oʻzbegidan qoʻl uzgan-u, oʻzbek qoraqalpogʻini “sen”lab chaqirgan? Xuddi juft qushlarday birga parvozga shaylangan, juftlashib uchgan qushlarday oʻzbek va qoraqalpoq oʻz tarixlarida hech qachon biri-birining yoʻlini kesib oʻtmagan. Bilʼaks, bir mayizni qirq boʻlib yegan, bir tandirda non yopishgan, tevalari, qoʻy-qoʻzilari bir yaylovda oʻtlab, bir oʻtovda dostonlar, oʻlanlar aytishgan oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari misoli et bilan tirnoq! Ularni biri-biridan ayirish mumkin emas, aslo!
Et bilan tirnoq millatlar
Bolaligimdan menga tanish bir manzara hamisha qalbimga quvonch va qudrat bagʻishlaydi. Choykoʻl ovulida biz bolalar yaxshi koʻradigan momolar, bobolar, chechalar koʻp boʻlardi. Ularning suhbatlari ham, tayyorlagan taomlari ham shirin edi. Imit momo qozoq, Bozorgul momomiz qoraqalpoq, Raziya chechamiz tatar, Rizida, Lida, Lyuba, Leyla, Arzayim, Ajash, Qollixon.... chechalarimiz biri qozoq, biri rus, ukrain, boshqird, moldavan, yana birlari turkman ekanligini yoshimiz ulgʻayganida bilganmiz. Mening bilganim, ularning barchasi Choykoʻl ovuliga el boʻlib, quda-qudagʻaychilikni oʻrniga qoʻyib, bir-birlariga chatishib ketishgani. Amu elining bir parchasi - Choykoʻl ovulini Vatan qilgan ham-qishloqlarimning mehr-muhabbatidan har uy, har koʻcha charogʻon, kichigi kattasidan toʻrga chiqib, qishloq kattalarining oldlaridan kesib oʻtmagan bu chechalarimiz endi momo boʻlishgan. Nevaralariga tarbiya berishda xalqona tutumlarni mahkam tutishganidan koʻpmillatli hamqishloqlar biri-biriga hamdam, doʻst va qadrdon.
Ana shu doʻstlik, qadrdonlikning teran ildizlariga har gal nazar solganimda choykoʻllik shoirtabiat otaxon, Alloh rahmat qilsin, qozoq millatiga mansub Nazarimbat ogʻa Almuratov bilan qoraqalpoq farzandi Baltaq shoir Yoʻldoshovning aytishuvlarini eslayman. Nazarimbat ota qaysi davraga borsalar – oddiy gurungni ham sheʼriy ifoda etardilar. Baltaq boboni koʻrib qolsalar ilhomi joʻsh urib ketardi goʻyo:
– Qarligʻashday ushib-qoʻnib,
Kelegʻoʻyshi Baltabay.
Minav turgʻan yel toʻyib,
Baqsin sirtqa qaramay.
Gʻanimetsen, gʻanimet,
Seni yetemin hurmet.
Xalqim dep jirlagʻanda,
Magʻan kelmeydi naubet.
Unga javoban Baltaq shoir bobomiz:
– Sen-de xalqsang, men-de xalq,
Shirogʻim, bavrimda balq.
Sen Shaykoʻlli, men Shaykoʻlli -
Haslimiz boʻlinbes xalq, –
deb qiroat bilan sheʼr oʻqirdi. Xalq esa ularni jon qulogʻi bilan tinglardi. Nainki tinglardi, biri qozoq, biri qoraqalpoq ikki doʻst, ikki xalq hamda oʻzbek, tatar, boshqird, rus, ukrain, moldavan, ozarboyjon millatlariga mansub, odob-u ikromi, mehr-muhabbatli tuygʻulari oʻzbekona tutumlarga qorishib ketgan XALQ ularga joʻr boʻlishardi. Ana shu joʻr ovozlarni tindirib koʻring-chi! Tinmaydi bu ovozlar, tindirgulik kuch ularga yaqin kelib koʻrsin-chi! Kelaolmaydi! Ana shudir koʻngillari-koʻngillarga koʻprik boʻlgan xalq qudrati, et bilan tirnoq millatlar mehr-muhabbati! Birining bolasiga biri qand tutgan, kelinlariga allalar oʻrgatgan, birining bolasi ulgʻaygan beshikka yana biri nevarasini belagan et bilan tirnoq xalqqa kim tosh ota oladi? Hech kim! Bu xalq – sermeva daraxt. Daraxtga otilgan tosh daraxtning tagiga tushadi, baland shoxlariga yetaolmaydi! Sermeva, baland shoxlar unib-oʻsaveradi, daraxt tagiga tushgan toshlar esa vaqtlar oʻtib eziladi, tuproqqa singib ketadi. Xalqlar doʻstligining beqiyos qudrati qoshida gʻalamislar otgan toshlar nima u? Bir xas kabidir. Zotan,
Millatlar birlashib ummon boʻladi,
Yengilmas, qudratli arkon boʻladi.
Mehr-muhabbati dunyolarga teng,
Buyuk xalq, hazrati Inson boʻladi!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶