AYoQChI OBOD MAHALLAGA AYLANMOQDA
Ulugʻ ishlar debochasi
Vatanimiz oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritib, oʻzi belgilagan taraqqiyot yoʻlidan ogʻishmay qadam tashlab kelayotganiga 31-yil toʻlmoqda. Istiqlol xalqimizga oʻz yurtiga beklikni, munosib hayot kechirish imkonini, oʻz taqdirining haqiqiy egasi boʻlishni, qadr-qimmatini anglab, hayotidan rozi boʻlib yashash imkonini berdi, mehr-oqibat, bagʻrikenglik, hamjihatlik, milliy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik yuraklarimizdan teran joy oldi. Ayni kunlarda tumanimizning qay bir hududiga bormang, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshira borish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, arzon uy-joylar barpo etish, ijtimoiy infratuzilma obʼektlarini koʻpaytirish, yoʻl-transport xizmatini yaxshilash, qisqasi, fuqarolarning turmushi obod, farovon boʻlishi uchun amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻlasiz. Bu borada “Obod qishloq” dasturi ulugʻ ishlar debochasi boʻlmoqda, deyish mumkin.
Ushbu dasturning joriy yilgi rejasiga kiritilgan “Ayoqchi” mahallasi shu kunlarda chinakam bunyodkorlik, yangilanishlarga yuz tutmoqda.
Dasturga muvofiq mahallada 11 milliard 500 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Avvalo shuni taʼkidlash joizki, mahallada 825 ta xonadonda 1128 ta oila 76 ta koʻchalarda, asosan yakka tartibdagi hovlilarda istiqomat qilishadi.
Turkmaniston davlati bilan chegaradosh hududda joylashgan mahalla joriy yilda hududning yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obʼektlarini rivojlantirish va shu asosda aholining farovonligini hamda turmush darajasini yuksaltirish maqsadida “Obod qishloq” dasturiga kiritilgani aholining ayni koʻnglidagi orzulariga hamohang boʻldi.
Asosan qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, turkman, rus, tatar kabi turli millat vakillari bir oila farzandlariday ahil, inoq, tomirlari chatishib, quda-anda, qarindosh boʻlib yashayotgan mahalla aholisi hayoti oʻziga xos, barcha fuqarolar ham yurtimizda amalga oshirilayotgan ulugʻvor oʻzgarishlarga hamohang tarzda oʻzlarining mehnatlari bilan oʻz turmushini obod etishga intilmoqda. Ularning 164 nafari turli korxona-tashkilotlarda ishlashadi,18 nafari tadbirkorlik bilan, 14 nafari kasanachilik, 7 nafari savdo-sotiq, 14 nafari chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik bilan, 28 nafari tadbirkorlikning turli sohalari bilan, 174 nafari mavsumiy ishlar bilan band boʻlsa, 25 nafari oʻz-oʻzini band qilib, oilasiga daromad keltirmoqda.
Mahalladagi har bir xonadon tomorqa yeriga, chorvasiga ega va barcha oilalar ham oʻzlarining ehtiyojiga yarasha sabzavotlarni oʻzlari yetishtirib, ortganini bozorda ham sotib, qoʻshimcha daromad oladilar.
Toʻrtta aholi punktidagi 76 ta koʻchalarda istiqomat qilayotgan ayoqchiliklar hayotiga “Obod qishloq” dasturi doirasidagi amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari oʻzgacha fayz baxsh etishiga shubha yoʻq.
Obodlik yoʻlidagi bunyodkorliklar
Mahalla fuqarolar yigʻini tashkil etilganidan, yaʼni 2013-yildan beri moslashtirilgan binoda faoliyat yuritib keldi. Hatto devorlari ham toʻzib, koʻrimsiz holga kelib qolgan, xonalari tor binoda ishlash xodimlarga ancha oʻngʻaysiz edi. “Obod qishloq” dasturi doirasida mahalla fuqarolar yigʻini uchun maʼmuriy bino qurilishi rejalashtirilgani yigʻin xodimlarinigina emas, barcha aholini quvontirdi. Axir mahalla idorasi binosi koʻrkam, chiroyli boʻlsa, shu elning faxri boʻladi-da!
Ayni kunda maʼmuriy bino qurilishini “Talabshan qurilisshi” MChJ quruvchilari amalga oshirishayapti. Qurilish ishlariga asosan hududning ishsiz yoshlari jalb etilganligi yana bir quvonchli holat. 350 million soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga qurilayotgan binoga poydevor quyish ishlari poyoniga yetkazilib, devori koʻtarilayapti. Gʻisht terayotgan yigitlarning qoʻli-qoʻliga tegmay ishlayotganidan qurilish qisqa muddatlarda yakunlanishini his qilish qiyin emas.
Hududda faoliyat koʻrsatayotgan 69-sonli maktab rekonstruktsiya qilinib, qoʻshimcha bino qurilishi rejaga kiritilgani mahalla oʻquvchi-yoshlari uchun davlatimiz gʻamxoʻrligining chinakam ifodasi boʻldi, desak adashmagan boʻlamiz. Boisi aholi soni oʻsib borishiga monand ushbu maktabda shu kunga qadar imkoniyatidan ziyod oʻquvchi taʼlim olib kelayotgan, sinfxonalar yetishmas edi. Endilikda maktabga qoʻshimcha bino qurilib foydalanishga topshirilishi bilan bu muammo ijobiy yechimini topadigan boʻldi. Buning uchun 104 kun muddat belgilangan va 2 milliard 300 mln. soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilgan. Pudratchi tashkilot “Amudaryo maxsus qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari ushbu obʼektni oʻz muddatida qurib, foydalanishga topshirishga intilishmoqda. Hozirgi kunda esa asosiy binoni ichki-tashqi pardozlash, qoʻshimcha bino devoriga gʻisht terish ishlari qizgʻin davom etmoqda.
Mahallada bulardan tashqari 4,54 kilometrlik ichki yoʻllarni taʼmirlash, shundan 1 kilometrdan ziyodiga beton qoplama yotqizish, shuningdek, qolganlariga tuproq va tosh yotqizish, joriy taʼmirlash ishlari ham rejalashtirilgan. 2 ta suv tozalash inshooti qurilishi, 1,2 kilometr piyodalar yoʻlakchasi qurilishi, elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 2,6 kilometrlik liniya tortish va 1 ta yangi transformator oʻrnatish, 33 dona tungi yoritgichlar oʻrnatish, 2 kilometrlik aloqa tarmogʻini tortish, 4 ta chiqindi konteynerlarini oʻrnatish, 7 ta tadbirkorlik obʼektlarini qurish, aholining 60 ta uy-joylarini taʼmirlash ham yil oxirigacha amalga oshiriladi.
Baraka – mehnatdan
Mahallada tadbirkor Jasur Maxsadboyevni hamma ishchan, ishning koʻzini biladigan inson sifatida eʼtirof etishadi. U 2019-yil “Har bir oila – tadbirkor” dasturi boʻyicha imtiyozli kredit olib, savdo doʻkoni faoliyatini yoʻlga qoʻygan edi. Keyinchalik doʻkon binosini kengaytirib, non, non mahsulotlari pishirish tsexini ham tashkil etdi. Faoliyatidan tushgan daromadi hisobidan non pishirish tsexiga yana bitta pechka sotib olib, faqat buxanka non emas, obi non, choʻrak, patir, somsalar ham pishirishni boshlashdi. Joriy yilda “Shamshodbek va Goʻzaloy” nomli ushbu korxonada mijozlar ehtiyojiga koʻra uchinchi pech mahalladagi hokim yordamchisi Behzod Oʻrinboyevning bevosita koʻmagi bilan kreditga xarid qilindi va toʻy-marosimlar uchun buyurtma asosida turli nonlar, somsalar, pishiriqlar pishirish yoʻlga qoʻyildi. 4 ta ish oʻrni tashkil etilgan “Shamshodbek va Goʻzaloy” MChJga qarashli paxta tozalash tsexi ham bor. Mazkur tsexda ikki ish oʻrni yaratilgan.
Jamiyat raisi Jasur Maxsadboyev oila aʼzolari mehnat qilayotgan jamiyatga qarashli tsexlardagi ish maromidan, daromadidan koʻngli toʻlsa-da, tinib-tinchib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmaydiganlar toifasidan ekan. U mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, 300 mln. soʻmlik zamonaviy, qulay va ixcham gʻisht zavodi texnologiyalarini xarid qilayapti. Yaqin kunlarda ayoqchiliklar qurilish uchun gʻishtni olisdan tashib keltirib, ovora boʻlmasdan oʻz hududlarida, hamqishlogʻi Jasur Maxsadboyevdan sotib olish imkoniga ega boʻladilar.
– Hamma gap mehnatda, –deydi u kamtarlik bilan. – Mashaqqatdan qochmagan, mehnat qilgan odam niyatiga yetaveradi, ishi barakali boʻlaveradi.
Non pishirish tsexida uning oila aʼzolarining ishini bir zum kuzatib turgan kishi bu gaplarning isbotini koʻrganday boʻladi. Axir non, non mahsulotlari tayyorlash jarayonidagi barcha bosqichlar oʻz muddatlarida, sifatli bajarilsagina mahsulot totli, xaridorgir boʻladi.
Mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ollayor Qalandarov, hokim yordamchisi Behzod Oʻrinboyev, xotin-qizlar faoli Nigora Polvonova, yoshlar yetakchisi Zafarjon Oʻrozmetovlarning hamjihatlikda hududda aholining tinch-osoyishta, farovon yashashiga erishish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga manzilli koʻmak berish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, bandligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari oʻzining ijobiy samaralarini berayotir. Shu oʻrinda kichkinagina mahallada turli oliygohlarda taʼlim olayotgan 70 nafar talabalar borligini ham tilga olgimiz keladi.
Shunday oila bor...
Mahallada yashash tarzi, farzand tarbiyalash, azaliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni eʼzozlash va oʻzbekona tutumlarga amal qilish borasida koʻpchilikka ibrat boʻlgulik oilalar koʻp. Mehr nuri koʻchasida istiqomat qiluvchi Otamurod aka Boltayev va ahli ayoli Raʼno opalarning oilasi ana shularning biri. Aslida ushbu koʻchaga kirib kelishingiz bilan yoʻlning har ikkala tarafidagi hovlilar atrofidagi tozalik, orastalik, did bilan ekilgan mevali, manzarali daraxtlar, anvoyi gullar koʻnglingizda ajib bir havas uygʻotib, goʻzallikka, nafosatga oshuftalik joʻsh uradi. Beixtiyor inson barcha yaxshiliklar, ezguliklar ijodkori ekanligiga tan berasiz.
Yashillik oʻrab olgan ulkan hovlini Otamurod aka, Raʼno opalar 1984-yilda qurib koʻchib oʻtishgan ekan.
– Oʻshanda chor-atrof yaydoq dala edi, – deya eslaydi opa oʻsha vaqtlarni. Biroq hovlisining fasad qismi-yu tomorqasida turli mevali daraxtlar koʻkka boʻy choʻzib turgan hozirgi koʻrinishiga qarab bu soʻzlarni tasavvur qilish qiyin. Tomorqadagi olma, nok, shaftoli kabi mevali daraxtlar hosilini koʻtarolmay, shoxlari larzon, uzumlarning mevasi sollanib turishlari yerga mehr berilsa, saxovatini ayamasligini dalillab turganday tuyuladi odamga.
Bu manzarani koʻrib haqiqiy mirishkor dehqon odamlar oilasiga keldik, deb oʻylagandik. Adashgan ekanmiz. Otamurod aka umr boʻyi 69-sonli maktabda oʻqituvchi, Raʼno opa hududdagi maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi, mudira boʻlib ishlagan, ularning hayotda topgan eng ulkan boyliklari – uch qiz, bir oʻgʻilning toʻrtovi ham, kelini ham oʻqituvchi – otasining izdoshlari ekan.
Hozirgi kunda oʻgʻil, qizlar barchasi oilali, farzandli boʻlib, oʻzlaridan tingan. Otamurod aka, Raʼno opalar shu darajaga yetganlarida ham nevaralar parvarishi, tomorqa ishlarida farzandlariga yoʻlboshchi.
– Har yili shu tomorqamizdan 15 mln. soʻmdan ziyod daromad olamiz. Yil oʻn ikki oy roʻzgʻorga oʻzimiz yetishtirgan sabzavotlarni ishlatamiz. Yana 9 sotix qoʻshimcha tomorqa yerimiz ham bor. U yerga oʻtgan yili 40 tup hosildor navli shaftoli koʻchatlarini ekdim. Hozir yaxshi rivojlanayapti. Kelgusi yil hosilga kiradi, – deydi Otamurod aka. – Eng muhimi – farzandlarimiz hayotda oʻz oʻrinlarini topishdi, oilalari tinch. Endi bor bilimlarimizni, tarbiyamizni 8 nafar nevaralarimizga berayapmiz.
Ularning oilasida boʻlgan kishi oʻzaro ahillikka, katta-yu kichikning mehnatsevarligiga va ana shunday saʼy-harakatlardan bunyodga kelgan obodlik, farovonlikka havas qilishi tayin.
Donishmandlar oilani ham dorilfununga qiyoslashadi. Ha oila – ulugʻ dorilfunun, unda ota-ona ustoz, farzandlar – tolibi ilmdirlar. Ularga nurli kelajak yarata olgan, halol mehnatga oʻrgata olganlar Otamurod aka, Raʼno opalar kabi oʻz umrlaridan mamnun boʻlib yashaydilar. Ana shunday saodatli manzillarga yetmoq barcha ota-onalarga nasib etishini tilaymiz.
Bugun mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorliklar, yangilanishlar odamlarning baxtiyor, farovon va oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashiga, inson qadrini yuksaltirishga qaratilganligini barcha teran anglamoqda. Zero “Yangi Oʻzbekistonda el aziz – inson aziz” degan ezgu gʻoya buni yaqqol ifodalaydi.
Yangilanayotgan Oʻzbekistonimizning kichik bir boʻlagi – Ayoqchi mahallasi aholisi ham buni oʻz hayotlarida his qilmoqda, istiqlol bergan bunday dorilomon kunlar mangu boʻlmogʻini tilab yashamoqda.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶