OILAVIY AJRIMLARNING ASOSIY SABABLARI NIMADA?
Oilaviy ajrimlar bugungi kunning dolzarb muammosiga, jamiyatimizning ogʻriqli nuqtasiga aylanib ulgurdi. Yurtimizda jar yoqasiga kelib qolgan oilalarni asrab qolishga, bolalarni tirik yetim qilmaslikka jiddiy eʼtibor qaratilayotgani, mahalla faollari, diniy ulamolar, maʼnaviyat va maʼrifat targʻibotiga daxldor tashkilotlar va keng jamoatchilikning bu boradagi saʼy-harakatlariga qaramay, afsuski, oilaviy ajrimlar soni kamaymayapti.
Oqibatlar oʻrganilganda, oilalarning ajralib ketishiga moddiy yetishmovchilik, uchinchi shaxs aralashuvi, befarzandlik, jufti haloliga xiyonat, uzoq vaqt birga yashamaslik, oʻzaro bir-birini tushunmaslik sabab boʻlayotgani maʼlum boʻladi. Tan olish kerak, oilalarning buzilib ketishiga qaynona-kelin munosabatlarining yomonlashuvi, achinarlisi, jahl ustida aytilgan birgina achchiq gap ham sabab boʻlayotgani juda achinarli. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalardagi vaziyat oʻrganilganda roʻzgʻordagi yetishmovchilikka, erkaklarning oilasidagi oʻz oʻrni va mavqeini yoʻqotishlariga aynan ichkilik sabab boʻlayotgani oydinlashadi.
Ikki-uch bolali ota va onalarning xarakterimiz toʻgʻri kelmadi degan vaj bahona bilan ajrashish haqida qaror qabul qilishayotgani, voyaga yetmagan farzandlarining kelgusidagi taqdirin oʻylab ham koʻrishmayotgani, hayotning kichik bir zarbasidan gangib qolib, zimmasidagi yuksak masʼuliyatni unutishayotgani qalblarni larzaga soladi. Mana shunday vaziyatlarda azal-azaldan oilada keksa, mahalla nuroniylari tomonidan uchqunning alanga olmasligi choralari koʻrilgan. Yaʼni yoshlarga pand-nasihatlar, ibratli voqealar soʻzlab berilgan. Oʻylanmay tashlangan qadamlarning ogʻir oqibatlari va asoratlari haqida ogohlantirilgan.
Ajrimlarning yana bir jiddiy sababi oʻtkinchi hoyu-havaslar ortidan qarzga botib qolish hisoblanadi. Shohona yashash, qimmat mashina minish, dangʻillama toʻylar-u ziyofatlar qilish niyatida bemaqsad, rejasiz qarz va kreditlar olish, soʻngra uni qaytarolmagani uchun yuzaga keladigan noxush vaziyatlar oilaviy ajrimlarning sabablaridan biriga aylanayotgani ham bor gap. Xorijga ishga chiqish, mehnat migrantlarining oilaviy munosabatlarga taʼsir etayotgani oilaviy ajrimlarning koʻpayishiga sabab boʻlayotgan omillardan biri. Shu sababli oilaning asosiy ikki vakilidan biri xorijga ishlash uchun ketgan xonadonlarda ham doimiy muloqotlar olib borish zarur.
Oilaviy ajrimlarga jamiyatning katta fojeasi sifatida qaraladigan fursat yetib keldi. Har bir insonning oilaviy baxt topishga, hayotini tinchlik-totuvlikda oʻtkazishga haqqi bor.
Oiladagi ajrimlarning oldini olishda asosan, yoshlarni oila ilmiga oʻrgatish maqsadga muvofiq. Ularga oilaning muqaddasligini tushuntirish, targʻibot tadbirlarini butunlay yangi bosqichda, noodatiy usul va yondashuvlar asosida olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Eshmurodova, tuman FHDYo boʻlimi inspektori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶