KOʻKSIMDAGI ORIMSAN, VATAN!
Bugun dunyoda kechayotgan murakkab va tahlikali vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilishda, xalqaro munosabatlarda uning milliy manfaatlarini qoʻllab-quvvatlashda Davlat xavfsizlik xizmatining salmoqli oʻrni bor.
Men Davlat xavfsizlik xizmati Chegara Qoʻshinlariga qarashli qismda xizmat qilaman. Bu mening bolaligimdan orzuim boʻlgan, desam adashmagan boʻlaman.
Hozirgi kunda Mangʻit shahrida joylashgan harbiy qismda qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosariman. Harbiy xizmatchilar, muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan askarlar orasida harbiylar burchi va masʼuliyati, sohadagi yangiliklar haqida tez-tez suhbatlar oʻtkazib turaman. Birgalikda badiiy adabiyotlar oʻqiymiz, qoʻshiqlar aytamiz. Bunday jarayonlarda ularning shu tinch-osoyishta, jannatmakon yurtimizni sevishi, uni himoya qilishga qodir ekanligini his qilaman.
Qismimiz maʼmuriyati tomonidan belgilangan rejaga muvofiq chegara hududlar aholisi bilan uchrashuvlar oʻtkazib, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonuni mazmun-mohiyatini ularga keng tushuntirib, chegaralarimiz daxlsizligiga raxna solmaslikni targʻib etamiz.
Maktablarda oʻquvchilar bilan harbiy vatanparvarlik mavzusida oʻtkazayotgan tadbirlarimizda ularga Vatan himoyasi har bir yigitning muqaddas burchi ekanligini keng tushuntirayapmiz.
Ha, Vatan himoyasi – muqaddas burch. Ona Yurt - koʻksimizdagi orimiz kabi buyukdir!
Vatanimiz chegaralarini yozning jaziramasi-yu qishning qahratonida ham sobit turib qoʻriqlayotgan mard va jasur, oriyatli chegarachilarni, barcha harbiy xizmatchilarni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy qutlayman!
Sherzod ATAYeV, harbiy xizmatchi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶