Xotira mangudir
Kimdir otasini erta yoʻqotdi,
Ayriliq dardida toshdayin qotdi.
Bu dunyo charxida toʻz-toʻz yuraklar,
Umid eshiklarin noumid yopdi.
Sakson yoshdan oshgan nuroniy bobo,
Ota suratiga boqar mahliyo.
“Reyxstag ustiga bayroq tikdik”, deb,
Yozgan xati hamon koʻzga toʻtiyo...
Urush bolalarin birlari bobo,
Birlari nuroniy, moʻʼtabar momo.
Hamon armon bilan yashab yuribdi,
Ayriliq dardiga topmayin davo.
Armonga qul boʻlib oʻtdi onalar,
Qaytib kelmadi, deb yovqur bolalar.
Gʻarb ufqiga botgan quyoshga boqib,
Bagʻri lov-lov yongan bagʻri poralar.
Momomiz boʻlardi, ismi Safura,
Gʻamdan beli tolgan, koʻzlari xira.
Jigarporalarin urushga berib,
Bagʻrida qolgani yolgʻiz xotira.
Qirq yil ostonadan ketmadi nari,
Koʻzidan nur ketdi, tandan madori.
Soʻnggi damigacha eshikka boqib,
Eshik tutqichida qoldi koʻzlari.
Vasiyat qildilar: “Eshikni yopmang,
Ochiq tursin, – dedi, – shom-u sahar, tong.
Bolalarim qaytsa, sarson boʻlmasin,
Kelsalar, boshidan sochqilar soching...”
Yetmish sakkiz yilki, umidlar toʻzdi,
Sargʻayib, titilib tugunlar toʻzdi.
Faryodlar bolalab yotgan yoʻllarda,
Nigoron umrlar... Umrlar toʻzdi.
Faqat toʻzgani yoʻq sabr-qanoat –
“Bolam!” deb, “Otam!” deb qayrilgan qanot.
Yillardan-yillarga oʻtaveradi,
Xotiraga koʻchgan navqiron hayot!
Mangu oʻn sakkizda, oʻttizda qolgan,
“Vatan!” deb Vatanga yetolmay tolgan.
Necha ming shahidlar izlarin izlab,
Dunyolar giryondir, odamzot giryon...
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶